World Boxing kubogi: Ostonada hal qiluvchi bosqichlar boshlandi
Ostona shahrida o'tayotgan World Boxing kubogi yuksak sur'atda davom etmoqda. Bugun, 3 iyul — musobaqaning to'rtinchi kuni. Kecha bir qator yirik janglar bo'lib o'tdi, endi esa navbat chorak final bahslariga yetdi. Turnir tobora qizg'in va prinsipial tus ola boshladi.
Bugungi kun dasturidan atigi bitta o'zbekistonlik bokschi ringga chiqadi. -54 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Feruza Kazakova chorak finalda Xitoy Taypeyi vakilasi — tajribali sportchi Huang Xsiao-Venga qarshi jang qiladi. Ushbu bellashuv soat 14:00 da boshlanishi belgilangan.
Kazakova uchun bu juda muhim jang — g'alaba unga yarim finalga yo'l ochadi va medallar uchun kurashish imkonini beradi. E'tiborlisi, Feruza musobaqaning ilk kunlaridanoq o'zining kuchli tayyorgarligi va jangdagi ishtiyoqini namoyon qilgan edi.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, World Boxing kubogi nafaqat chempionlik unvonlari, balki reyting ochkolari va kelajakdagi yirik turnirlarda ishtirok etish imkoniyatlari nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Shu bois har bir g'alaba, har bir raund o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Bokschilarimizga omad tilaymiz va muxlislardan katta qo'llab-quvvatlashni kutamiz!