World Boxing kattalar oʻrtasidagi ilk jahon chempionatining sanasi va oʻtkaziladigan joyini eʼlon qildi
2023 yili tashkil etilgan yangi xalqaro boks tashkiloti — World Boxing kattalar oʻrtasidagi birinchi jahon chempionatini oʻtkazadi. Musobaqa 2025 yil 4–14 sentyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Liverpul shahridagi M&S Bank arenasida boʻlib oʻtadi. Chempionatda dunyo boʻylab 60 ta mamlakatdan 500 nafardan ortiq bokschi ishtirok etishi kutilmoqda. Oʻzbekiston boks federatsiyasi ham World Boxing tashkiloti aʼzolari qatoriga kirgan.
Eslatib oʻtamiz, Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) avval Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan Xalqaro boks assotsiatsiyasini (IBA) olimpiya harakatidan chiqargan edi. Bu qarorga boshqaruv, moliya va hakamlik masalalaridagi jiddiy kamchiliklar sabab boʻlgan. XOQning taʼkidlashicha, 2020 yilda prezidentlikka kelgan Umar Kremlov bu muammolarni bartaraf etishga muvaffaq boʻlmagan.
Olimpiya oʻyinlarida boksning saqlanib qolishi va 2024 yildagi Olimpiadada ishtirok etishini taʼminlash maqsadida yangi tashkilot — World Boxing tuzildi. Unga IBA rahbariyatidan norozi boʻlgan mamlakatlar federatsiyalari qoʻshildi.