WBA Jervonta Devisga «ta’tildagi chempion» maqomini berdi
Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) uch vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan, mag‘lubiyatsiz amerikalik Jervonta Devisga «champion in recess» (ta’tildagi chempion) maqomini berdi. Bu haqda BoxingScene nashri xabar qildi.
Mazkur qaror Florida shtatida Devisga nisbatan ochilgan yangi jinoiy ish bilan bog‘liq. U sobiq sevgilisini kaltaklash, noqonuniy ravishda erkinlikdan mahrum etish va o‘g‘irlab ketishga urinishda ayblanmoqda. Ushbu ayblovlar 2025 yil noyabr oyiga rejalashtirilgan Jeyk Polga qarshi tijoriy jangning bekor qilinishiga ham sabab bo‘lgan.
WBA prezidenti Hilberto Mendosa bokschining yangi maqomini tasdiqladi. Bu esa amalda Devisning to‘rt yillik chempionlik hukmronligi yakunlanganini anglatadi. Assotsiatsiya ijroqo‘mi yaqin orada bo‘shab qolgan chempionlik kamarini qanday tartibda o‘ynab berish masalasini hal qiladi. Eng asosiy da’vogarlar sifatida reytingda yuqori o‘rinlarni egallab turgan Floyd Skofild va Lukas Baxdi ko‘rilmoqda.
«Tank» laqabli Devis o‘z pozitsiyasini bildirish huquqiga ega, ayniqsa uning huquqiy holati aniqlashib borayotgan bir paytda. U oxirgi bor 2025 yil mart oyida ringga chiqqan va o‘shanda Lamont Rouchga qarshi jangni durang bilan yakunlagan.