WBA Continental kamari sohibi Ruslan Abdullayev O'zbekistonga qaytdi
Super yengil vazn toifasidagi professional bokschimiz Ruslan Abdullayev yakshanba tonggida AQSHning Kaliforniya shtati Oushensayd shahrida tashkil etilgan prof boks oqshomida filippinlik Jino Rodrigoni sakkiz raund to‘liq davom etgan jangda hakamlarning yakdil qarori bilan (80:71, 80:71, 80:71) mag‘lubiyatga uchratgandi.
Hamyurtimiz bugun O‘zbekistonga qaytib keldi va tantanali ravishda kutib olindi.
Abdullayevni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, mamlakat boks federasiyasi Bosh kotibi Shohid Tillaboyev va uning yaqinlari munosib qarshi oldi.
Rasmiylar sportchimizning professional boksdagi ikkinchi muvaffaqiyati bilan qutlab, uning keyingi faoliyatida ham yorqin g‘alabalar tilashdi.
E’tiborlisi shundaki, Oskar De La Xoyyaga tegishli Golden Boy promouterlik kompaniyasi mijozi bo‘lgan Ruslan Abdullayev prof boksdagi ikkinchi jangidayoq WBA Continental kamarini qo‘lga kiritdi.