locale OZ

Ummataliyev Shakur Stivensonni hayratda qoldirdi: «Sen telba ekansan!»

O‘zbekistonlik yana bir iste’dod egasi Javohir Ummataliyev professional boksga dadil qadamlar bilan kirib bormoqda.
Ummataliyev Shakur Stivensonni hayratda qoldirdi: «Sen telba ekansan!»
photo: boks Uzbekistan

Ummataliyev Shakur Stivensonni hayratda qoldirdi: "Sen telba ekansan!"

O‘zbekistonlik yana bir iste’dod egasi Javohir Ummataliyev professional boksga dadil qadamlar bilan kirib bormoqda. Charm qo‘lqop ustamiz ayni kunlarda AQSHning Kaliforniya shtatida mashg‘ulot o‘tkazyapti.

Bugun Javohir Ummataliyev bilan Amerika taassurotlari, tayyorgarlik jarayoni va sentyabrdagi jangi haqida suxbatlashamiz.

— Javohir Amerika tassurotlari qanday, ayni vaqtda qaysi shtat va shahardasiz?

— Avvalo, assalomu alaykum. Amerikaga birinchi marta kelishim. Hozir Kaliforniya shtatining Indio shahridamiz. Mashg‘ulotlarimiz shu yerda davom etmoqda. Yangi muhitga moslashish jarayoni ham yaxshi kechmoqda.

— Hozir qaysi klub va murabbiylar qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘ryapsiz?

— Bu yerda Murodjon Ahmadaliyev va Bektemir Meliqo‘ziyev bilan ishlaydigan murabbiy aka-uka Diaslar qo‘l ostida shug‘ullanyapmiz. Bundan tashqari, Los-Anjelesda Xulio ismli murabbiy qo‘l ostida sparring mashg‘ulotlarini o‘tkazyapmiz.

— Amerikada professional boksga yondashuv qanday? Uni havaskor boksdan ajratib turadigan asosiy jihatlar nimada ekan?

— Bilasiz, Amerikada professional boks juda rivojlangan. Bu yerda dunyoning turli davlatlaridan kelgan kuchli bokschilar jamlangan. Shu sababli mashg‘ulotlar sifati va yondashuvi ham ancha farq qiladi. Asosiy e’tibor zarbaning kuchi va sifatini oshirishga qaratiladi. Havaskor boksda esa ko‘proq tezkorlik va ochko ishlash ustida ishlanadi.

— Qaysi promouterlik kompaniyasi bilan shartnomaga egasiz va shartnomada muxlislarni xayron qoldiradigan qandaydir bandlar bormi?

— Ayni paytda Angliyaning "Queensberry Promotions" kompaniyasi bilan shartnomamiz bor. Bu kompaniya bilan Tayson Fyuri, Daniel Dyubua, Mozes Itauma, Fabio Uordli kabi ko‘plab kuchli bokschilar hamkorlik qiladi. Shartnoma tafsilotlari esa hozircha oshkor etilmaydi.

— Shakur Stivenson bilan birga mashg‘ulot o‘tkazganingiz muxlislarda katta qiziqish uyg‘otdi. U bilan bog‘liq esda qolarli voqealar ham bo‘ldimi?

— Ha, Las-Vegasda Shakur Stivenson bilan uch marta mashg‘ulot olib bordik. Floyd Meyvezer sport zalida sparring ham o‘tkazdik. Mashg‘ulotlardan keyin u jangimdagi ayrim xatolarni ko‘rsatib, foydali tavsiyalar berdi.

Eng qiziqarli voqea esa sparringdan keyin yuz berdi. Men unga "rastyajka" (ruschadan olingan jargon so‘z, ma’nosi chidamlilik va harakatchanlikni oshiruvchi mashq) ko‘rsatdim, ammo u bu mashqni bajara olmadi. Shunda kulib, ingliz tilida: "You are crazy" ("Sen telba ekansan") deb hazil aralash hayratini bildirdi.

— Shakur Stivenson o‘zbek bokschilarini qay darajada taniydi?

— Ma’lum bo‘lishicha, u ko‘plab o‘zbek bokschilarini yaxshi bilar ekan. Murodjon Ahmadaliyev bilan hatto 2016 yilgi Rio Olimpiadasida birga qatnashganini aytdi. Shuningdek, mening janglarimni ham avval kuzatgan ekan. Ayniqsa, Arlen Lopesga qarshi jangim unga yoqqanini ta’kidladi. Hatto: "Las-Vegasga kelganingda istalgan payt men bilan mashg‘ulot o‘tkazishing mumkin", dedi.

— Amerikada yana qaysi mashhur sportchilar bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldingiz?

— Las-Vegasda UFC bazasiga bordik. Bilasiz, Rahmatillo Boymatov yaqinda Zuffa Boxing bilan shartnoma imzoladi va u yerda ko‘rikdan o‘tdi. Shu sababli UFC bazasida bokschilar emas, tashkilotning bir qator chempionlari bilan uchrashish nasib qildi.

— Sentyabrdagi ehtimoliy raqibingiz sifatida kimni ko‘rishyapti?

— Hozircha raqibim aniq emas. O‘ylashimcha, yaqin bir-ikki hafta ichida bu masala to‘liq oydinlashadi.

— Professional bokschilarda o‘ziga xos nomlar bo‘ladi. Aytaylik Jalolov – "Big Uzbek", Ahmadaliyev – MJ va hokazo…. Ummataliyevda qanday bo‘ladi?

— Albatta, professional boksda bunday o‘ziga xos nomlar muhim ahamiyatga ega. Amerikada ismim yoki familiyamni talaffuz qilish biroz qiyin bo‘layotgani uchun hozircha o‘zimni "Javlo" deb tanishtiryapman. Ammo hozircha rasmiy nomim yo‘q. Shunga qaramay, kelajakda muxlislar meni aynan "Ummataliyev" familiyasi bilan tanishini istardim.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting