Uch nafar o'zbekistonlik sportchi Budapeshtda bo'lib o'tadigan boks kechasida ringga chiqadi
26 aprel kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda joylashgan “Foliondar” sport majmuasida professional boks kechasi bo'lib o'tadi. Ikkinchi engil vazn toifasida ishtirok etadigan o'zbekistonlik bokschi Muhammad Shexov ushbu turnir doirasida Venesuela vakili Orlando Moralesga qarshi jang qiladi. Jang sakkiz raunddan iborat bo'ladi.
32 yoshli Muhammad Shexov hisobida 16 ta jang, 15 ta g'alaba va 1 ta durang mavjud. U so'nggi marta o'tgan yil dekabrida xitoylik Czun Lyuga qarshi ringga chiqqan va ochkolar bo'yicha g'alaba qozonib, IBF versiyasi bo'yicha vakant interkontinental chempionlik kamarini qo'lga kiritgan. Hozirgi paytda Muhammad WBO reytingida beshinchi o'rinni egallab turibdi. Uning bo'lajak raqibi - 20 yoshli Orlando Morales hisobida 13 g'alaba va 2 mag'lubiyat mavjud.
Shuningdek, mazkur turnirda Shahjahon Abdullayev va Komronbek To'rg'unboev ham ringga chiqishadi.