Toshkentda «Asian Boxing» direktorlar kengashining uchinchi yig'ilishi yakunlandi
Toshkent shahrida yuqori saviyada tashkil etilgan “Asian Boxing” direktorlar kengashining uchinchi yig'ilishi rasman yakunlandi.
"Asian Boxing" tashkiloti mazkur yig'ilishga mezbonlik qilgan O‘zbekiston boks federatsiyasiga samimiy minnatdorlik bildirar ekan, yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlar, mehmondo‘stlik va professional tashkilotchilikni alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston yana bir bor yirik xalqaro sport tadbirlarini yuqori darajada qabul qila olishini namoyon qildi.
Yig'ilishda “Asian Boxing” tashkiloti prezidenti Pichay Chunhawachira, “Asian Boxing” vitse-prezidenti va O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, “Asian Boxing” tashkiloti sport va musobaqalar o‘tkazish komissiyasi raisi hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev ham ishtirok etdi.
Yig'ilish davomida Osiyo boksi rivoji, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar boksi va musobaqalar tizimini yanada takomillashtirish borasida muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Asian Boxing" rahbariyati kengashning barcha a’zolariga ularning qimmatli hissasi, yetakchiligi va Osiyo boksi taraqqiyoti yo‘lidagi doimiy sa’y-harakatlari uchun alohida tashakkur bildirdi.
Bunday uchrashuvlar Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sport hamjihatligini yanada mustahkamlab, boksning taraqqiyoti uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.