locale OZ

«Toshkent yoʼlbarsi»ning oʼchmas panja izlari yoxud avlodlarga qolgan buyuk meros!

Oʼzbek boksida oʼchmas iz qoldirgan haqiqiy afsona — Rufat Risqiyev 76 yoshida bu olamni tark etdi.
Boks
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«Toshkent yoʼlbarsi»ning oʼchmas panja izlari yoxud avlodlarga qolgan buyuk meros!
photo: gettyimages

“Toshkent yoʼlbarsi”ning oʼchmas panja izlari yoxud avlodlarga qolgan buyuk meros!

Ha, bugun oʼzbek boksida oʼchmas iz qoldirgan haqiqiy afsona — Rufat Risqiyev 76 yoshida bu olamni tark etdi.

Tirikligidayoq afsonaga aylangan Rufat Risqiyev 1949 yil 2 oktyabrda Toshkent viloyatining Oqqoʼrgʼon shahrida tavallud topgandi. Deyarli butun umrini boksga bagʼishlagan qahramonimiz Oʼzbekiston boksiga tamal toshini qoʼygan Sidney Jaksonning ilk shogirdlaridan biri boʼlgandi.

U Sobiq Ittifoq davridagi kuchli raqobat, turli toʼsiqlar va adolatsizliklarni yengib, oʼzbek mushtining naqadar qattiq ekanligini isbotlay olgandi.

Faoliyati davomida asosan -75 kg vazn toifasida ajoyib natijalar qayd etgan Risqiyev 4 karra Sobiq Ittifoq chempioni, jahon chempioni va Monrealь Olimpiadasi kumush medali sohibi boʼldi.

Olimpiada finalida amerikalik rekordchi Maykl Spinksga qarshi jang qilganini ham katta yoshli muxlislar yaxshi eslaydi.

Sportchilik faoliyatini yakunlaganidan soʼng, murabbiylik va hakamlik bilan shugʼullandi. Аmmo ringdagi “dahshatli” raqiblar va hayotning juda koʼp “baland-pastliklari” yiqita olmagan chempionni xastalik toʼshakka mixladi.

Biroq undagi matonat, sabr va ishtiyoqni sindira olmadi. Kasallik tufayli oyoqlaridan ajralgan boʼlsa-da, oʼzidagi chempionlik ruhini har doim saqlab qoldi.

Koʼp bora boks oilasi bilan birgalikda uning uyida boʼlganmiz, hamsuhbat boʼlganman. U har doim xushchaqchaqligi, odamshinavandaligi va xazilkashligi bilan meni hayron qoldirardi. Shunda oʼylardim: “Oʼzi bunday ahvolda boʼlsa, qanday qilib koʼngliga sigʼdiradi?”

Keyin tushundimki, buyuk insonlarning matonati ham buyuk boʼlarkan!

Ha, u oʼziga achinish hissi bilan qarashni istamas edi. Unda yengilmas ruh barhayot edi. U yengilishni xohlamasdi!

Аynan shu xislatlari uni buyuk chempionga aylantirgan edi.

Bilasizmi, u nafaqat ajoyib bokschi boʼlgan, balki men koʼrgan charmqoʼlqop ustalari orasidagi eng bilimli va zukko insonlardan biri edi. Murakkab boshqotirmalarni yechish ustasi boʼlgan. Bu borada biroz bahslashib ham koʼrgandim va “qoʼlimni koʼtarganman”…

Latifa aytish boʼyicha esa butun sayyora chempioni edi, desam yanglishmagan boʼlaman.

Ha, Rufat aka mana shunday ajoyib inson edi.

Toʼgʼri, u endi oramizda yoʼq. Biroq u yozgan tarix, qoldirgan meros xalqimiz qalbida yashayveradi.

Yillar oʼtaveradi, yangidan-yangi chempionlar chiqaveradi. Аmmo bir narsa borki, Rufat Risqiev 1-raqamli chempion boʼlib qolaveradi!

Ha, “Toshkent yoʼlbarsi” ketdi. Biroq uning oʼzbek boksida qoldirgan panja izlari shu qadar chuqurki, ular hech qachon koʼmilib ketmaydi…

Chunki buyuklar oʼlmaydi!

Oxiratingiz obod boʼlsin, buyuk chempion — Rufat Risqiyev!

Oʼzbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati rahbari, Аhmadbek Eshmatov.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting