locale OZ

Tayson Fyuri — Entoni Joshua jangi dekabrda Kardiffda o‘tkazilishi mumkin

Hozircha 11-dekabr asosiy sana sifatida ko‘rib chiqilmoqda, biroq jang tafsilotlari to‘liq yakunlanmagan.
Tayson Fyuri — Entoni Joshua jangi dekabrda Kardiffda o‘tkazilishi mumkin
Foto: Getty Images

Og‘ir vaznning ikki yulduzi — Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi uzoq kutilgan jang 2026-yil dekabr oyida Kardiffda bo‘lib o‘tishi mumkin. Hozircha 11-dekabr asosiy sana sifatida ko‘rib chiqilmoqda, biroq jang tafsilotlari to‘liq yakunlanmagan. Bu haqda The Athletic ma’lumotiga tayanib Reuters xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, asosiy variant sifatida Kardiffdagi qariyb 74 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Principality Stadium” ko‘rilmoqda. Avvalroq Nyu-York, Las-Vegas va Dublin ham ehtimoliy mezbon shaharlar qatorida tilga olingan, biroq Joshua jang Buyuk Britaniyada o‘tkazilishini istagan. Fyuri tomoni ham endilikda Britaniyadagi variantga rozi bo‘lgani aytilmoqda.

Jang Netflix orqali namoyish etilishi kutilmoqda. Tashkilotchilar AQSh auditoriyasi uchun qulay vaqtni tanlash maqsadida asosiy jangni Britaniya vaqti bilan juda kech boshlash variantini ham muhokama qilmoqda. “Principality Stadium”ning yopiladigan tomi va kechki tadbirlarni o‘tkazish imkoniyati Kardiff variantini yanada qulay qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Fyuri va Joshua o‘rtasidagi jang ko‘p yillardan beri muhokama qilinib kelmoqda. Fyurining menejeri Spenser Braun sentabr oyida ushbu to‘qnashuv amalga oshishiga ishonchi komil ekanini bildirgan, biroq jang sanasi va arenasi bo‘yicha rasmiy e’lon hozircha berilmagan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting