Shohjahon Ergashov oktyabr oyida Britaniyada jang qiladi
Professional boksning super yengil vazn toifasida sobiq chempionlik da’vogari Shohjahon Ergashov o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, hozirda asosiy e’tiborini O‘zbekistonda promouterlik asosida o‘tkazilayotgan boks kechalariga qaratgan.
«Farg‘ona, Samarqand va Namanganda turnirlar o‘tkazdik. Navbatdagisini sentabrda Jizzax yoki Buxoroda tashkil qilishni rejalashtiryapmiz. Shu orqali bir necha yosh bokschilarni tanlab oldik va ularga xorijda jang uyushtirmoqchimiz. Menga ham jang taklifi keldi — oktyabr oyida Britaniyada ringga chiqaman. Yaqin kunlarda Rossiya yoki AQShda yig‘in boshlayman», — dedi Ergashov.
BoxRec ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida Britaniyaning Birmingem, Sautgempton, Manchester, Glazgo, Lids va bir qator shaharlarida turnirlar rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 33 yoshli Ergashov hozirgacha 27 ta jang o‘tkazgan, ulardan 25 tasida g‘alaba qozongan va 2 marta mag‘lubiyatga uchragan.