Shohjahon Ergashov: Endi faqat kuchli raqiblar bilan ringga chiqaman
Professional boksning super yengil vazn toifasida o‘zbek bokschisi Shohjahon Ergashov o‘z rejalari haqida fikr bildirdi. Uning ta'kidlashicha, endi faqat jiddiy va kuchli raqiblar bilan ringga chiqishni maqsad qilgan.
“Hozirgacha jahonnning deyarli barcha kuchli bokschilari bilan jang qilganman. Endilikda faqat yuqori darajadagi raqiblarga qarshi jang qilib, Jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritishni istayman. Bu oson emas, albatta, lekin imkon bor. Biroz tayyorgarlik kerak”, — dedi Ergashov “Mahalla” telekanaliga bergan intervyusida.
U, shuningdek, so‘nggi yillarda uni bezovta qilgan sog‘liq muammolari ortda qolganini ma'lum qildi:
“Ikki yil davomida jarohatlar menga jiddiy ta’sir qilgandi. Endi esa sog‘lig‘im ancha tuzaldi, tiklanish jarayoni ortda qoldi. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Ma’lumot uchun, farg‘onalik Shohjahon Ergashov hozirgacha 27 ta professional jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning 25 tasida g‘alaba qozongan va 2 bor mag‘lubiyatga uchragan.