Shahram G‘iyosov tarixiy jang oldidan tayyorgarlikni yakunladi
O‘zbekistonlik professional bokschi Shahram G‘iyosov (17-0, 10 KO) Misrda o‘tadigan nufuzli «Glory in Giza» boks oqshomi oldidan tayyorgarlikni yakunladi. Hamyurtimiz 23 may kuni tarixiy ehromlar yaqinida britaniyalik tajribali Jek Ketterollga (32-2, 14 KO) qarshi WBA Regular chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi.
G‘iyosov mashg‘ulotlarni Turkiyada, taniqli murabbiy Gennadiy Mashyanov qo‘l ostida o‘tkazdi va jangga har tomonlama tayyorligini bildirdi. «Maqsadimiz bitta — chempionlik kamarini qo‘lga kiritib, Vatanimizga olib kelish», — deya ijtimoiy tarmoqlar orqali muxlislardan duo qilib turishlarini so‘radi sportchimiz. Raqib Jek Ketterol esa Shahramning uslubini chuqur o‘rganganini va unga aslo past baho bermasligini ta’kidladi.
«The Ring» va «DAZN» hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu yirik turnirning markaziy jangida og‘ir vazn toifasi yulduzi Oleksandr Usik ham ishtirok etadi. Shahram G‘iyosov uchun ushbu g‘alaba jahon reytingida mutloq yetakchilar qatoriga kirish va yanada yirik titul janglariga yo‘l ochish imkoniyatini beradi.