Rasman: Tayson Fyuri va Entoni Joshua 11-dekabr kuni Kardiffda jang qiladi
Og‘ir vazn toifasining ikki yirik britaniyalik vakili — Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi uzoq kutilgan jang rasman tasdiqlandi. Qarama-qarshilik 11-dekabr kuni Uelsning Kardiff shahridagi “Principality Stadium” arenasida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Netflix rasmiy ravishda ma’lum qildi.
Jang Netflix orqali butun dunyo bo‘ylab jonli namoyish etiladi. Fyuri va Joshua shu kungacha professional ringda bir-biriga qarshi jang qilmagan, shu sabab bu uchrashuv ikki britaniyalik og‘ir vazn yulduzining ilk to‘qnashuvi bo‘ladi.
Hozirda Fyurining professional rekordi 36 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat va 1 durang, shundan 25 tasi nokaut bilan yakunlangan. Joshua esa 34 jangning 30 tasida g‘alaba qozongan va 27 ta nokaut qayd etgan. Ikkala bokschi ham yozdagi tayyorgarlik janglarida g‘alaba qozonib, ushbu katta qarama-qarshilikka yo‘l ochgan.
Ma’lumot uchun, Fyuri va Joshua o‘rtasidagi jangni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar bir necha yil davom etgan va avvalgi urinishlar turli sabablarga ko‘ra amalga oshmay qolgan edi. Jang oldidan ikki bokschi 30-sentabr kuni Londonda matbuot anjumanida yuzma-yuz uchrashadi.