Rasman: Entoni Joshuaning navbatdagi jangi tasdiqlandi
Og‘ir vazn toifasida IBF, WBA, WBO va IBO yo‘nalishlari bo‘yicha sobiq jahon chempioni, 36 yoshli britaniyalik Entoni Joshua o‘zining navbatdagi jangini 35 yoshli Albaniya vakili Kristian Prenga qarshi o‘tkazadi.
Mazkur to‘qnashuv 25 iyul kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadi va oqshomning asosiy voqeasiga aylanadi. Bu haqda Matchroom Boxing promouterlik agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joshua professional ringda 2013 yildan buyon harakat qilib kelmoqda. Uning hisobida 28 ta g‘alaba (shundan 25 tasi nokaut bilan) va 4 ta mag‘lubiyat bor. Shuningdek, Entoni 2012-yilgi London Olimpiadasining 91 kg dan yuqori vazn toifasidagi oltin medali sohibidir.
Kristian Prenganing professional rekordi esa 20 ta g‘alabadan iborat bo‘lib, u barcha janglarida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan. Shuningdek, uning hisobida bitta mag‘lubiyat qayd etilgan.