Qozog‘istonlik jurnalist: O‘zbekiston boksini tanazzul kutayotgan bo‘lishi mumkin
Qozog‘istonlik sport jurnalisti Oljas Baybosin Yessen Yeleuken YouTube-kanaliga bergan intervyusida o‘zbek boksi kelajagi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta'kidlashicha, Olimpiada-2024 dagi mislsiz muvaffaqiyatdan so‘ng tabiiy pasayish yuz berishi mumkin.
— 2000 yilda Muhammadqodir Abdullayev “oltin” olgan, keyin esa 2016 yilgacha O‘zbekiston bokschilari biror marta chempionlikka erishmagan. Bu uchta Olimpiya siklida “quruq” qolish degani. O‘shanda ularda sportga e’tibor pasaygan, tizim boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan edi. Hammaga ma’lum: sportda rivoj bo‘lishi uchun mablag‘ va tizim bo‘lishi shart, — dedi Baybosin.
Uning fikricha, O‘zbekiston Olimpiadadagi beshta oltin ortida katta tayyorgarlik, tizimli yondashuv, ilmiy asos va investitsiyalar turibdi. Biroq u har qanday yuksalish ortidan pasayish kelishi tabiiy jarayon ekanini ta’kidladi.
— Zamonaviy sportda chempionni zaif sharoitda yetishtirish mumkin emas. Bu — kuchli tizim natijasi. Biz bu bosqichni 2012 yilda o‘tganmiz — o‘sha paytda medallar reytingida 12-o‘rinni olganmiz. Ular esa bu bosqichni kecha o‘tdi. Yaqin yillarda ularda ham pasayish bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu tabiiy jarayon, — deya qo‘shimcha qildi jurnalist.
Eslatib o‘tamiz, Parij-2024 Olimpiadasida O‘zbekiston bokschilari beshta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Chempionlar: Bahodir Jalolov (+92 kg), Lazizbek Mullojonov (−92 kg), Asadxuja Muydinkhojaev (−71 kg), Abdumalik Halaqov (−57 kg) va Hasanboy Do‘smatov (−51 kg). Qozog‘iston esa faqat bitta kumush medal bilan kifoyalandi — Nurbek Oralbay (−80 kg).