locale OZ

Qozog‘istonlik boks mutaxassisi O‘zbekistonning Osiyo chempionatidagi ustunligini e’tirof etdi

Sharibayevning ta’kidlashicha, Qozog‘iston muxlislari mag‘lubiyat uchun turli bahonalarni izlamasligi, aksincha, raqibning ustunligini tan olishi kerak.
Qozog‘istonlik boks mutaxassisi O‘zbekistonning Osiyo chempionatidagi ustunligini e’tirof etdi
photo: boks Uzbekistan

Qozog‘istonlik boks mutaxassisi O‘zbekistonning Osiyo chempionatidagi ustunligini e’tirof etdi

Qozog‘istonlik sport eksperti va sobiq bokschi Aydar Sharibayev Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlari haqida fikr bildirib, O‘zbekiston terma jamoasining tarixiy natijasini alohida e’tirof etdi.

Sharibayevning ta’kidlashicha, Qozog‘iston muxlislari mag‘lubiyat uchun turli bahonalarni izlamasligi, aksincha, raqibning ustunligini tan olishi kerak.

"O‘zbekistonning 20 ta (rasmiy yakunda 21 ta) oltin medalni qo‘lga kiritishi tasodif emas. Bunday natijaga faqat uzoq yillik tizimli va puxta yo‘lga qo‘yilgan mehnat orqali erishish mumkin. Mag‘lubiyatni tan olish ham kuchlilik belgisidir", — dedi u.

Mutaxassis ayrim janglarda hakamlar qarori yuzasidan savollar bo‘lishi mumkinligini tan olgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning oltin medallar sonidagi katta ustunligini hech qanday omil bilan izohlab bo‘lmasligini qayd etdi.

Sharibayev O‘zbekiston boksidagi muvaffaqiyatlar murabbiylar, hakamlar va terma jamoa tizimining samarali faoliyati mahsuli ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, u Qozog‘iston boksidagi asosiy muammolardan biri sifatida milliy terma jamoa uchun zamonaviy baland tog‘ o‘quv-mashg‘ulot bazasi yo‘qligini tilga oldi. Uning fikricha, bugungi kunda yig‘inlarning 800 metr balandlikdagi Chimkentda o‘tkazilishi yetarli emas, sportchilar to‘liq salohiyatini namoyon etishi uchun esa 1500 metr va undan yuqori balandlikdagi bazalar zarur.

"Menimcha, O‘zbekiston terma jamoasiga Qozog‘istondan ko‘proq mablag‘ ajratilmaydi. Farqi shundaki, ular mavjud resurslarni ancha samarali taqsimlayapti va kerakli yo‘nalishlarga o‘z vaqtida sarmoya kiritmoqda. Bizda ham mablag‘ bor, ammo ishni tashkil etishda professional yondashuv yetishmayapti", — dedi Sharibayev.

Qozog‘istonlik ekspert mamlakat boksi yana Osiyo, jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida yetakchilikni qo‘lga kiritishi uchun islohotlarni bugundan boshlash zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 2026 yil Jakarta shahrida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 33 ta medal (21 ta oltin, 6 ta kumush va 6 ta bronza) bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston esa 30 ta medal (11 ta oltin, 11 ta kumush va 8 ta bronza) bilan ikkinchi pog‘onadan joy oldi. O‘zbekistonning 21 ta oltin medali mazkur musobaqa tarixidagi rekord natija bo‘ldi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting