O‘zbekiston va Qozog‘iston yana boksdagi yetakchi maqomini tasdiqladi
Bangkokda bo‘lib o‘tgan xalqaro Thailand Open–2025 boks turnirida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari yuqori natijalarga erishdi. Bu haqda olimpik boksdagi yangi mintaqaviy tuzilma — Asianboxing.org sayti xabar berdi.
Musobaqa yakunida har ikki mamlakat beshtadan oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo boksining yetakchilari ekanini yana bir bor namoyon etdi. Turnir davomida ikki davlat sportchilari yuqori tayyorgarlik va mahorat namoyish qilishdi.
Asian Boxing tashkiloti ta’kidlashicha, ushbu yutuqlar ikki davlatda boks sport turi jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Besh oltin medal — bu nafaqat yuqori mahorat, balki milliy boks maktablarining salohiyatidan ham dalolat beradi.
Thailand Open turniri 2018 yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi va Osiyodagi yirik musobaqalardan biri hisoblanadi. 2025 yilgi bosqichda 15 mamlakatdan 200 dan ortiq sportchi ishtirok etdi.