O‘zbekiston va Qozog‘iston bokschilari ishtirokida bayram kechasi tashkil etildi
Xabaringiz bor, Toshkent katta xalqaro qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga mezbonlik qildi. Unda Qozog‘istonning birinchi va ikkinchi raqamli bokschilari, o‘zimizning terma jamoamiz vakillari bilan birga mashg‘ulotlar olib borishdi.
Kuni kecha, ushbu yig‘in o‘z yakuniga yetdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan mashg‘ulotlar va sparringlar o‘zaro tajriba almashish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Yig‘in yakunida esa, kecha mehmonlar uchun haqiqiy O‘zbekona mehmondo‘stlik sifatida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda, ikki davlat sportchilari va murabbiylar ishtirok etishdi.
Dasturxon yozilib, samimiy suhbatlar davom ettirildi. Sahnadagi xonandalar esa davraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Yakunida mehmon murabbiylar va bokschilar so‘zga chiqqanlarida, iliq taassurotlar bilan ortga qaytayotganliklarini ta’kidlashdi.
Tadbir so‘ngida, Qozog‘istonlik sportchi va murabbiylarga esdalik sovg‘alari va zar choponlar topshirildi.