O‘zbekiston boks federatsiyasi binosida katta tadbir tashkil etildi
Bugun federatsiyamiz binosida, rasmiylarimiz, OAV vakillari, boks muxlislari, chempionlarimiz va murabbiylar ishtirokida katta tadbir bo‘lib o‘tdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoamizning xalqaro maydondagi yutuqlari dunyo brendlari, yirik kompaniyalar e’tiborini tortgani bejiz emas albatta. Boks allaqachon mamlakatimizda yetakchi, ustuvor, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonning dunyo sahnasidagi imidjini shakllantirayotgan eng asosiy sport turlaridan biriga aylanib ulgurgan desak adashmagan bo‘lamiz.
Shu asnoda, O‘zbekiston boks federatsiyasi va lider avtokompaniyalardan hisoblangan GWM kompaniyasining “HAVAL” brendi o‘rtasida o‘zaro yaqindan hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu tadbirning rasmiy qismida, O‘zbekiston boks federatsiyasi Bosh kotibi Shohid Tillaboyev va "HAVAL" brendi direktori Dmitriy Sisoyevlar qatnashishdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik shartnomasini imzoladilar.
O‘ylaymizki, ushbu kelishuv ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi va o‘zbek boksining yanada rivojlanishi uchun muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga O‘zbekiston boks federatsiyasi va bokschilar oilasi nomidan brend faoliyatiga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Xabaringiz bor, joriy yilning 4-14 sentyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Liverpul shahrida o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida vakillarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 11 ta medal ega chiqdilar. Yigitlarimiz esa ilk bor dunyo birinchiliklarida 6 ta oltin medalga sazovor bo‘lib, tarixiy natija qayd etishdi.
Bugungi tadbirning ikkinchi qismi, matbuot anjumanida ana shu jahon chempionati qahramonlari va ularni musobaqaga tayyorlagan murabbiylar bevosita ishtirok etishdi.
Unda qatnashgan yurtmizning eng oldi OAV vakillari, o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollariga javoblar oldilar.
Tadbir so‘nggida, ushbu manzilga tashrif buyurgan muxlislar va chempionlarimiz birgalikda fotosessiyalarda ishtirok etdilar.