Namanganda boks bo‘yicha «Hokim olimpiadasi» musobaqalari qizg‘in davom etmoqda
Namangan viloyatida “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” doirasida sport musobaqalari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda. Jumladan, Namangan tumanida boks sport turi bo‘yicha “tuman hokimi olimpiadasi” bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada viloyat hokimi Shavkat Abdurazakov hamda mutasaddi rahbarlar ishtirok etib, yosh sportchilarga omad tiladilar va ularni qo‘llab-quvvatladilar.
Bellashuvlarda 13–14 yosh toifasidagi sport maktablari, xususiy sport klublari hamda umumta’lim maktablari sport klublaridan kelgan iqtidorli bokschilar qatnashib, g‘oliblik uchun murosasiz kurash olib bordilar. Har bir jang yuqori ruh, kuch va mahoratga boy tarzda o‘tdi.
Musobaqa davomida yosh sportchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, texnikasi va matonatini namoyon etib, tomoshabinlarga haqiqiy sport bayramini tuhfa etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng kuchli va munosib ishtirokchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, diplom hamda medallar bilan taqdirlandilar.