Muhammad Shexov WBA kamari uchun jang qilishi mumkin
Professional boksning ikkinchi eng engil vazn toifasida ishtirok etuvchi buxorolik sportchi Muhammad Shexov kamar uchun ringga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda uning hamkorlikda ishlaydigan RCC Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari German Titov ma'lum qildi.
Rossiyada istiqomat qilayotgan Shexov o‘z janglariga ham O‘zbekiston, ham Rossiya bayroqlari bilan chiqib keladi. Titovning ta'kidlashicha, Shexov uchun eng maqbul variant – bu WBA Interim kamari uchun jang:
“Muhammad uchun eng yaxshi yo‘l – vaqtinchalik chempionlik uchun bahs. Chunki bu unga keyinchalik to‘laqonli chempion bilan jang qilish yoki to‘liq chempionlikka erishish imkonini beradi. Yaponiyalik Naoya Inoue yaqinda vazn toifasini o‘zgartirishi mumkin, shu bois imkoniyat yanada oshadi”, — dedi Titov.
Ma'lumot uchun, hozirda mazkur toifadagi WBA Interim kamari hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyevga tegishli.