Muhammad Shehovning navbatdagi jang sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi
Buxorolik charm qo‘lqop ustasi Muhammad Shehovning navbatdagi jang sanasi va raqibi tasdiqlandi. 5 iyul kuni u Yekaterinburg shahridagi RCC Boxing Promotions tashkil qilayotgan boks kechasida argentinalik Rodrigo Fabian Ruizga qarshi jang qiladi.
Ushbu to‘qnashuvda g‘alaba qozongan bokschi WBAning ikkinchi eng yengil vazn (55,3 kg) toifasidagi reytingida ikkinchi o‘ringa ko‘tariladi.
Shehov (16-0-1, 4 KO) hozirgacha mag‘lubiyat ko‘rmagan. U WBO va WBA reytinglarida Top-10likda qayd etilgan hamda IBF Inter-Continental kamari sohibi hisoblanadi. Bu kamarni u 2023 yil sentabr oyida Chelyabinskda qo‘lga kiritgandi. Joriy yil Budapeshtda bo‘lib o‘tgan jangda u Orlando Moralesni mag‘lub etgan.
Raqibi — Ruiz (22-0, 16 KO) ham hozircha mag‘lubiyat va durangni boshidan o‘tkazmagan. Uning 22 g‘alabasining 16 tasi nokaut bilan yakunlangan. Ruiz WBA va IBF reytinglarida Top-15 orasida joy olgan va Janubiy Amerika chempionligini 10 marta himoya qilgan.
Qizig‘i, aynan shu vazn toifasida Murodjon Ahmadaliev mutlaq chempionlik uchun harakat qilmoqda — u 14 sentabr kuni o‘z maqsadiga yetishi mumkin.
