Fyuri va Joshua jangi oldidan ilk matbuot anjumani o‘tkazilmasligi mumkin
Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi jang oldidan rejalashtirilgan ilk matbuot anjumani bekor qilinishi mumkin. Sky Sports xabariga ko‘ra, tadbir 29-sentyabr kuni o‘tkazilishi kerak, biroq hozircha uning bo‘lib o‘tishi kafolatlanmagan.
Entoni Joshua promouteri Eddi Hearn ham matbuot anjumani bo‘yicha yakuniy tasdiq yo‘qligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, tomonlar ishtirokisiz ushbu tadbirni o‘tkazib bo‘lmaydi.
Bu noaniqlik Fyuri va Joshua jangi atrofidagi kelishmovchiliklar fonida yuzaga kelmoqda. Avvalroq jangni tashkil etishda Dana Uaytning ishtiroki bo‘yicha tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lumot uchun, Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi jang 11-dekabr kuni Kardiffdagi “Principality Stadium” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.