Frolov: Jalolov — Usik jangi oʻtkazilishi mumkin, ammo hozir erta
Oʻzbek bokschisi Bahodir Jalolovning menejeri Alik Frolov, Aleksandr Usik bilan jang imkoniyati haqida fikr bildirdi. Uning taʼkidlashicha, bunday toʻqnashuv Jalolov bir nechta jiddiy raqiblarga qarshi jang oʻtkazib, reytingda birinchi beshlikka kiradigan darajaga yetganidan soʻng amalga oshishi mumkin.
— Bu jang mumkinmi? Nazariy jihatdan, bugun har qanday jang amalga oshishi mumkin. Agar Turki Al ash-Shayx shunday jangni xohlasa, bu sodir bo'ladi. Masalan, u Itauma haqida aytganidek, “mana shu jangni xohlayman” desa — boʻlib ketadi. Lekin hozir Baxa nomzodlar qatorida emas, shu bois bu haqida jiddiy gapirishga erta. Ammo menimcha, bu aʼlo darajadagi jang boʻlar edi.
Agar Bahodir ikki-uchta kuchli raqibga qarshi jang qilib, oʻziga xos yutuqlarga erishsa va Aleksandr ham shu paytda faol boʻlsa, u holda bunday jang oson tashkil etilishi mumkin. Masalan, Chisora bilan jang oʻtkazib, mintaqaviy chempionlikni himoya qilsa va reytingda top-5 ga kirsa, Usik bilan jangga yoʻl ochiladi.
— Biz bunday imkoniyatga qarshi emasmiz, har qanday yoʻnalishda harakat qilishga tayyormiz. Maqsadimiz — titul uchun jangga chiqish. Bu jarayon tez boʻladi, bir yil ichida istalgan raqib bilan ringga chiqish mumkin. Faqat uzluksiz harakat kerak. Oʻylaymanki, bir yildan soʻng Bahodir nomzodlar qatorida boʻladi, — dedi Frolov.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil mart oyida Bahodir Jalolov superogʻir vazn toifasidagi jahon chempioni, ukrainalik Aleksandr Usikka rasmiy chaqiriq yoʻllagan edi.