Entoni Joshua Jeyk Polga qarshi jangga Aleksandr Usik bilan tayyorlandi
Sobiq jahon chempioni Entoni Joshua amerikalik videobloger Jeyk Polga qarshi jangga tayyorgarlik jarayonida ukrainalik bokschi, jahon chempioni Aleksandr Usikning mashg‘ulot lagerida shug‘ullanganini ma’lum qildi.
«Meni Usik jamoasi bilan birga mashg‘ulot o‘tkazishga taklif qilishdi. Birga juda yaxshi ishladik. U dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri. Uning qanday natijalarga erishganini ko‘rish — bu shunchaki fenomenal. Bu ajoyib tajriba, ammo juda og‘ir ham», — deya Joshuaning so‘zlarini keltiradi ESPN.
Joshua va Pol o‘rtasidagi jang 20 dekabr kuni Mayami (AQSh) shahrida bo‘lib o‘tadi.
Hozirda Entoni Joshuaning yoshi 36 da. Britaniyalik bokschi professional ringda 2013 yildan beri faoliyat yuritadi. Uning hisobida 28 ta g‘alaba (shundan 25 tasi muddatidan avval) va to‘rtta mag‘lubiyat mavjud.