Devid Benavides va Xilberto Ramires oʻrtasidagi superjang rasman tasdiqlandi
Mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan amerikalik Devid Benavides birinchi og‘ir vazn toifasiga ko‘tarilib, birlashgan jahon chempioni Xilberto Ramiresga qarshi ringga tushadi. Bu haqda Golden Boy Promotions promouterlik kompaniyasi rasman e’lon qildi.
Jang 2 may kuni Las-Vegasdagi «T-Mobile Arena»da bo‘lib o‘tadi. Mazkur bahsda birinchi og‘ir vazn toifasining WBA va WBO chempionlik unvonlari o‘rtaga qo‘yiladi.
Devid Benavides 29 yoshda bo‘lib, professional ringda 31 ta g‘alaba (25 tasi nokaut bilan) qayd etgan va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan. U uchinchi vazn toifasida ham chempionlikni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.
Xilberto Ramires esa 34 yoshda. Uning hisobida 48 ta g‘alaba va bor-yo‘g‘i bitta mag‘lubiyat bor. Ramires hozirda ushbu vazn toifasining eng kuchli bokschilaridan biri bo‘lib, WBA va WBO kamarlari sohibi hisoblanadi.