Chempion bokschilar tantanali ravishda kutib olindi
Xabaringiz bor, 5-11 noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri VI Islom birdamlik o‘yinlari kompleks musobaqalarining boks bahslariga mezbonlik qildi. Ushbu musobaqada terma jamoamiz vakillari ham munosib ishtirok etishdi. Yakunlarga ko‘ra jamoamiz 3 ta oltin, 1 kumush va 2 ta bronza medallariga ega bo‘lishdi.
Bugun esa ular yurtimizga qaytib keldi. Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vazirligi qoshidagi Oli sport natijalarini rivojlantirish markazi boshlig‘i, polkovnik Mansur Mamadaminov, O‘zbekiston boks federatsiyasi Marketing bo‘limi boshlig‘i Shakhboz Tavakkalov boshchiligida rasmiylar, OAV vakillari va sportchilarning yaqinlari tantanali ravishda kutib olishdi.
Rasmiylar sportchilarimizni yuqori natijalar bilan tabriklar ekan, ushbu nufuzli musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz yana bir bor yurtimizning dovrug‘ini ko‘klarga ko‘targanliklarini ta’kidlab o‘tdi.
Yakunida sovrindorlarimizga zarchoponlar va gullar taqdim etildi.