Bokschi qizlarimiz Toshkentga tantanali kutib olindi
28 iyundan 7 iyulgacha Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan World Boxing tashkiloti kubogi bahslarida ishtirok etgan ayollar terma jamoamiz kecha, 7 iyul kuni Toshkentga qaytib keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi maslahatchisi Malik Babaev, federatsiyaning marketing bo‘limi boshlig‘i Shakhboz Tavakkalov, OAV vakillari hamda sportchilarning yaqinlari tantanali kutib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa doirasida terma jamoamiz 1 ta oltin va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Xususan, Navbahor Hamidova qizlarimiz orasida birinchi bo‘lib oltin medalni yurtimizga olib keldi.
Shahrullo Mahmudov chempion qizlarimizni tabriklab, ularga kelgusi muvaffaqiyatlar, jumladan Londonda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati oldidan omad tiladi.
Yakunida sportchi va murabbiylarimizga zarchoponlar va gullar taqdim etildi.