Boks. Timur Axbayev shogirdlari Osiyo chempionatini yondirishga tayyor
Timur Axbayev shogirdlari Osiyo chempionatini "yondirishga" tayyor!
Bir necha kundan so‘ng, Toshkent shahrida kichik o‘smirlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati start oladi. Yanada aniqroq qilib aytsak, 3 may kuni Olimpiya shaharchasi “Yakkakurashlar” arenasida qit’a birinchiligi boshlanadi.
Mazkur chempionatga qizlarimiz ham qizg‘in hozirlik ko‘rishdi va ulardan ham umidimiz katta. Biz ushbu chempionat avvalida o‘smir va yosh qizlar terma jamoamiz Bosh murabbiyi Timur Axbayev bilan qisqacha suhbatda bo‘ldik.
- Timur aka chempionatga ham qisqa muddat qoldi. Shogirdlaringiz musobaqani “yondirish”ga tayyormi?
- Albatta, tayyorgarlik juda yaxshi bo‘ldi. Osiyo chempionati oddiy musobaqa emas, barcha bu chempionatga jiddiy hozirlik ko‘rgan bo‘ladi. Ammo biz mezbonmiz va qit’ada o‘z o‘rnimizga egamiz. Shunday ekan, shogirdlarimizdan albatta yuqori natija kutyapman. Qolaversa, ularga ishonaman!
- Nazarimda bu chempionatda qizlarimiz uchun jiddiy raqobatchi terma jamolar ma’lum...?
- Ha, Qozog‘iston va Hindiston terma jamoasi asosiy raqobatchilarimiz hisoblanadi. Aynan O‘zbekiston, Hindiston va Qozog‘iston bu chempionatda to‘liq tarkib bilan ishtirok etmoqda.
- Balki syurpriz taqdim etuvchi jamoalar ham bordir? Demoqchiman-ki, yana qaysi terma jamoalardan xavf kutish mumkin?
- Xitoy Taypeyi va Qirg‘iziston. Ularda ham umidli va mahoratli qizlar bor.
- Umuman qizlar Osiyo chempionatida nechta vazn toifasida bahs yuritishadi?
-O‘smirlar 13 ta kichik o‘smirlar 15 ta vazn toifasida ishtirok etishadi.
- Avvalgi Osiyo chempionatlaridagi eng yaxshi natijalarimizni ham eslab o‘tsangiz?
- 2021 yil yosh qizlarimiz Dubayda 5 ta oltin medalga ega chiqishgan. 2024 yilda o‘smirlarimiz 7 ta oltin medal bilan yaqqol yetakchi bo‘lishgandi. Umuman har bir musobaqada faqat yuqori o‘rinlar uchun harakat qilamiz.
- Chempionatda ishtirok etuvchi tarkibda hozirgi kundagi ayollar boksimizdagi yetakchilarga uslub jihatidan o‘xshaydiganlari bormi?
- Navbahor, Niginaga o‘xshaydigani yo‘q. Farangiz Usvaliyevani ko‘proq Sitora Turdibekovaga o‘xshataman.
- Balki Feruza Kazakova, Nigina O‘ktamova kabi agressiv, raunddan raundga qo‘sha oladigan, jangdan qaytmaydigan harakterli qizlar bordir?
- Albatta, uslub deganingizga men ko‘proq taktik va texnik jihatlariga e’tibor qaratibman. Albatta ko‘p bunday iste’dodlarimiz. Ulardan biri Ruxshonabonu Isayeva degan bo‘lardim. U Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozona olgan.
- Chempionatda qaysi vazn toifalarida raqobat jiddiy bo‘ladi, degan fikrdasiz?
- 46 kg, -50 kg, -54 kg, -66 kg, -80 kg.
- Chempionatga tashrif buyuruvchi ishtirokchilar orasida eng mashhuri kim deb o‘ylaysiz?
- Menimchacha qozog‘istonlik Ayaulim Aspanova bo‘lsa kerak. U ham Ruxshonabonu kabi qit’ada anchagina yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
- Sizga va sizning boshchiligingizdagi qizlarimizga omad tilab qolamiz!
- Rahmat, shu o‘rinda barcha-barchani musobaqani tomosha qilishga taklif qilib qolgan bo‘lardim. Albatta, sizlarni chiroyli yutuqlarimiz bilan xursand qilamiz.