Boks. Navbahor Hamidova ikki karra chempion
Braziliyaning Foz de Iguasu shahrida tashkil etilgan World Boxing kubogi o‘z yakuniga yetdi. Terma jamoamiz 4 nafar ishtirokchi bilan qatnashib, 2 ta oltin va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Agar, Feruza Kazakova Maxi Klotzer jangida referi kutilmagan joydan ball olib tashlamaganda edi, ehtimol u ham g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan bo‘larmidi? Shunday bo‘lsa-da, ajoyib natija to‘g‘ri emasmi?
Ayniqsa, -48 kgdagi vakilamiz Farzona Fozilova chiroyli janglar ko‘rsatgan holda, faoliyatida yangi sahifa ochdi va ilk bor mana shunday ulkan natija qayd etdi. Albatta, bu boshlanishi va ushbu muvaffaqiyat uning navbatdagi katta turnirlardagi g‘alabalari uchun debocha bo‘ladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Jahongir Zokirovning salohiyati ham chempionlikka loyiq edi. Aslida, yarim finalda ham yaxshi harakat qilgandi. Ammo bu zafar quchish uchun yetarli bo‘lmadi va hakamlar raqibni g‘alabasini e’tirof etishdi. Vaholanki, 1-3 raundda Zokirov faol va aniqroq ko‘ringan edi. Shunday bo‘lsa-da, u bir qator muvaffaqiyatlari qatoriga mazkur musobaqaning bronza medalini ham qo‘shib qo‘ydi. Albatta, uning ulkan g‘alabalari hali oldinda!
Va nihoyat, -65 kgda vakilamiz Navbahor Hamidova musobaqaning oltin medalini qo‘lga kiritib, World Boxing kubogida ikkinchi bor tengsiz ekanligini namoyish etdi. U 2025 yilda Qozog‘istonning Astana shahrida tashkil etilgan World Boxing kubogida ham shohsupaning birinchi pog‘onasini zabt etgan va finalda ayollar boksining haqiqiy yulduzlaridan biri turkiyalik Olimpiada chempioni, 3 karra jahon chempionati g‘olibasi Busenaz Syurmeneliga imkoniyat qoldirmagan edi.
Bu galgi final bahsida ham unga juda jiddiy raqib, 2 karra jahon chempioni qozog‘istonlik Aida Abikeyeva duch keldi. Albatta ushbu qarama-qarshilik o‘ziga xos revansh jangi edi. Chunki Navbahor o‘tgan yili Angliyaning Liverpul shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati finalida aynan ushbu raqibasiga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Bu safar esa Navbahor Abikeyeva ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va mazkur musobaqaning ikki karra g‘olibasiga aylanish barobarida revansh olishni ham uddaladi!
Albatta Elshod Rasulov boshchiligida Braziliyada bo‘lib turgan jamoamizni ajoyib g‘alabalar bilan tabriklaymiz. Nafaqat ularni barcha-barcha o‘zbekistonlik boks ixlosmandlariga medallar muborak bo‘lsin, deb qolamiz!
Ha, gap sonda emas, balki sifatda to‘g‘rimi do‘stlar?