Boks bo‘yicha Osiyo chempionatida 5 ta oltin va 3 ta kumush medal qo‘lga kiritildi
Boks bo‘yicha U-15 va U-17 Osiyo chempionatining bugungi final bahslari yosh bokschilarimiz uchun muvaffaqiyatlar boy tarzda o'tmoqda.
Musobaqaning hal qiluvchi janglarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari yuksak mahorat va matonat namoyish etib, bir qator oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.
Xususan, -33 kg vaznda Odina Yusupova, -35 kg da Sarvinoz Zoirova, -49 kg da Zebiniso Abdullayeva, -55 kg da Bahora Mahmudjonova hamda -64 kg vaznda Malika Ulug‘bekova o‘z raqibalarini mag‘lub etib, Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lishdi.
Shuningdek, -40 kg vaznda Ominaxon Nosirova, -58 kg da Muqaddas Zokirova hamda -67 kg vaznda Shahona Mullojonova kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, “Olimpiya shaharchasi”da o‘tayotgan mazkur nufuzli musobaqada Osiyoning 21 davlatidan tashrif buyurgan 500 nafardan ortiq yosh charm qo‘lqop ustalari g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.