Boks. Baxtiyor To‘raboyev: \"Kumush medal ular uchun yetarli emas!\"
3-15 may kunlari Toshkent shahri o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Unda muvaffaqiyatli ishtirok etgan terma jamoamiz vakillari qit’ada yetakchi bo‘lishdi. Biz ushbu chempionat yakuni bo‘yicha o‘smirlar va kichik o‘smirlar terma jamoamiz (o‘g‘il bolalar) katta murabbiyi Baxtiyor To‘raboyevga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
- Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirok uchun ko‘plab omillar sabab bo‘ladi. Shu borada biroz so‘z yuritsangiz?
- Albatta, terma jamoani shakllantirish va ularni munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun birinchi navbatda O‘zbekiston boks federatsiyasining har tomonlama mukammal sharoit yaratib berganligida deb bilaman. Qolaversa, nafaqat terma jamoa, balki bokschilarimizning shaxsiy murabbiylari bilan birgalikda, "bir yoqadan bosh chiqarib", ishlaganligimiz ham o‘z samarasini berdi, deb o‘ylayman.
- "Uyda devorlar ham yordam beradi", degan iboraga munosabatingiz qanday?
- Ha, bu bevosita muxlislar bilan bog‘liq. Shuningdek, o‘z uyingda ringga ko‘tarilish qo‘shimcha motivatsiya ham beradi.
- Shubhasiz, chempionatda yetakchi bo‘ldik, lekin kutilmagan natijalar ham bo‘ldi, nazarimda?
- Afsuski shunday.
- Nega, afsuski?
- Chunki og‘ir vazn toifasidagi shogirdimiz Farhod Bahodirovning birinchi jangida katta ustunlik bilan asosiy raqiblaridan birini yutib turgan vaqtida qo‘li chiqib ketganligi achinarli bo‘ldi. Bu vaziyat bo‘lmaganida undan ham oltin medal kutayotgan edik.
- Umuman, bu chempionatda kimlarni o‘z imkoniyatidan pastroq darajada ishtirok etdi, deb o‘ylaysiz?
- O‘smirlar toifasida -54 kgda Abdulbosit Yursinboyev hamda -80 kgda Samandar Umarovni aytgan bo‘lardim.
- Iye, ular kumush medalni qo‘lga kiritishdiku?
- Ha, kumush ular uchun yetarli emasdi. Aslida ularning imkoniyati yanada yaxshiroq edi va biz ulardan chempionlikni kutgan edik. Lekin shuni aniq ayta olaman-ki, eng katta yutuqlari hali oldinda. Bu safar ular ham biz ham kerakli xulosani oldik.
- Keling endi, shu savolning aksi, ya’ni imkoniyatidan-da yuqori harakat qilgan kim bo‘ldi?
-63 kgda chempion va "Eng yaxshi bokschi" nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan, Rushen Saydullayevni aytgan bo‘lardim. Aslida, uning terma jamoadan o‘rin olishi so‘nggi kunlarda ma’lum bo‘lgandi. Ikkilanish yo‘q emasdi, biroq o‘z imkoniyatidan maksimal darajada foydalandi.
- Shu savolning mantiqiy davomi deylik, chempionatda kimlarning janglaridan zavq oldingiz?
- Kichik o‘smirlar toifasida Fayoz Noraliyev, Mansur Abduhamidovlar juda mazmunli harakat qilishdi.
-Aytaylik, sizda Osiyo chempionatining " Eng yaxshi bokschisi"ni aniqlab berish imkoniyati taqdim etilganda, kimni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?
- O‘smirlarda o‘zimizniki bo‘ldi, shuning uchun kichik o‘smirlar o‘rtasida Mansur Abduhamidovni taklif etgan bo‘lardim.
- Osiyo chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lganlarning terma jamoadagi o‘rni qay darajada kafolatlangan?
- Bizda kim bo‘lishini farq yo‘q. Faqat munosiblari va mehnatdan to‘xtamay, o‘z ustida ishlaydiganlar terma jamoadan o‘rin oladi. Qolaversa, intizom ham muhim. Shuning uchun aslo xotirjamlikka berilish kerak emas.
- Baxtiyor aka ishlarga omad, o‘ylaymizki, navbatdagi chempionatlarda ham yetakchilikni saqlab qolasizlar.
- Bu yo‘lda bor imkoniyatimizni ishga solamiz!