Avtohalokatga uchragan Joshua shifoxonadan chiqarildi
IBF, WBA, WBO va IBO versiyalari bo‘yicha superog‘ir vaznda sobiq jahon chempioni bo‘lgan britaniyalik Entoni Joshua Nigeriyaning Lagos shahridagi nufuzli shifoxonadan chiqarildi. Bokschi o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasida ishtirok etganidan so‘ng shifoxonaga yotqizilgandi.
«Entoni Joshua chorshanba kuni kechqurun shifoxonadan chiqarildi. Shifokorlar uning uy sharoitida sog‘ayishini ma’qullashdi. Biroq u ikki nafar yaqin do‘stini yo‘qotgani sababli og‘ir ruhiy holatda», — deya Lagos va Ogun shtatlari rahbariyatining so‘zlarini keltiradi Daily Mail.
Manbaga ko‘ra, bokschi bir necha kun davomida Nigeriyada qoladi va tiklanish jarayonini uyda davom ettiradi.
Ma’lum qilinishicha, fojia 29 dekabr kuni Lagos — Ibadan avtomagistralida sodir bo‘lgan. Entoni Joshua bo‘lgan Lexus rusumli yo‘ltanlamas yo‘lda to‘xtab turgan yuk mashinasiga borib urilgan. Avariya oqibatida ikki kishi — bokschining murabbiylari — halok bo‘lgan.