“Allohim hammasini ko‘rib turibdi”: mag‘lubiyatni tan olmagan Konsbekov shov-shuv markazida
Tailandning Bangkok shahrida davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida navbatdagi chorak final janglari bo‘lib o‘tdi. Ularda 75 kg vazn toifasidagi vakilimiz Shavkatjon Boltaev sobiq yurtdoshi — hozir Qozog‘iston sharafini himoya qilayotgan Aman Konsbekovga qarshi ringga chiqdi. Yirik bahsga aylangan jangda Boltaev 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga yo‘l oldi.
Biroq mag‘lubiyatga uchragan Konsbekov bu natijani osonlikcha qabul qila olmadi. U o‘z Instagram sahifasida shunday izoh qoldirdi:
“Allohim hammasini ko‘rib turibdi. Bu odatiy holat.”
Muxlislar bu so‘zlarni hakamlikka ishora, deb baholashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Aman Konsbekov avval O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashgan va 2023 yil noyabridagi mamlakat chempionatida 71 kg vazn toifasida bronza medaliga ega chiqqan. Keyinchalik u Qozog‘iston termasiga o‘tgan edi.
Jang natijasi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar boshlandi. Ba’zilar hakamlarni qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar natijani qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlamoqda.