47 yoshli Menni Pakyao mashg‘ulot vaqtida ringda raqsga tushdi - video
Sakkizta vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan filippinlik afsonaviy bokschi Menni Pakyao navbatdagi mashg‘ulotidan qiziqarli videoni muxlislari bilan bo‘lishdi. 47 yoshli sportchi ringda mashq qilish bilan birga raqsga ham tushgan.
Pakyao mashg‘ulot jarayonidan olingan videoni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan. Bokschi videoga quyidagicha izoh qoldirgan: “Har bir mashg‘ulotdan zavq olaman. Bu og‘ir mehnat, ammo men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman. Yaxshi musiqa yangrayotgan bo‘lsa, nega biroz raqsga tushmaslik kerak?”
Videoda tajribali bokschi ringdagi mashg‘ulotlarini davom ettirayotgani va musiqa sadolari ostida raqs harakatlarini bajarayotganini ko‘rish mumkin. Pakyao shu tariqa 47 yoshida ham sport bilan muntazam shug‘ullanayotganini namoyish etgan.
Ma’lumot uchun, Menni Pakyao professional boksdagi faoliyatini 1995-yilda boshlagan. U 1998-yil dekabr oyida WBC yo‘nalishida ilk jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgan. Faoliyati davomida sakkizta vazn toifasida jahon chempioniga aylangan filippinlik bokschi professional ringda 62 ta g‘alaba, 8 ta mag‘lubiyat va 3 ta durang qayd etgan.