Sunnatillo Abdullojonov: «O‘tgan mavsumdan 100 foiz qoniqish hosil qilmadim»
2025-yilgi mavsumni “Xorazm”da o‘tkazgan yarim himoyachi Sunnatillo Abdullojonov endilikda “Surxon”da to‘p suradi. 29 yoshli futbolchi Termiz klubi bilan bitim tuzdi. Shundan so‘ng Sports24.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.
“Surxon”ga o‘tishi haqida
- “Surxon”ga o‘tishim oddiy bo‘ldi. Klub murabbiylari tomonidan qiziqish bo‘ldi. Barchasini gaplashganimizda, futbolga bo‘lgan qarashlarimiz va maqsadlarimiz bir-biriga mos keldi. Natijada kelishuvga erishdik. Endilikda “Surxon” safida o‘ynayman.
O‘tgan mavsum haqida
- O‘ylashimcha, “Xorazm” mavsumni yomon o‘tkazgani yo‘q. Garchi jamoa ancha yillar oldin Superligada ishtirok etgandi. Shunga qaramay, mavsumni yaxshi tugatdik. To‘g‘ri, turnir jadvalidagi holatimiz ko‘ngildagidek emasdi. Lekin o‘yin borasida hech kimdan qolishmadik. Buni Superligani kuzatib borgan muxlislar ham yaxshi biladi. Biroq jamoamizga qandaydir joylarda omadimiz kelmadi.
“Xorazm” haqida
- Ochig‘i, “Xorazm”da qolish yoki qolmasligim haqida klubdagilar bilan gaplashganim yo‘q. Lekin ularga minnatdorchilik bildiraman. Yangi mavsumda jamoaga faqat omad tilayman.
O‘zining faoliyati haqida
- Fikrimcha, “Xorazm” bilan yanada yaxshi natijalar qayd etishimiz mumkin edi. Shaxsan men mavsumdan 100 foiz qoniqish hosil qildim deb ayta olmayman.
Yangi mavsum haqida
- 2026-yilda Superliga taqvimida katta tanaffuslar bo‘lishini inobatga olsak, har qanday holatga tayyor bo‘lishimiz kerak. Mavsum qiziqarli bo‘lishiga umid qilaman. O‘ylaymanki, yangi mavsum 2025-yildagidan aslo kam bo‘lmaydi. Hamma jamoalar o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan. Bu esa faqat futbolimiz foydasiga xizmat qiladi deb o‘ylayman.
Bahromjon Bobonov suhbatlashdi.