locale OZ

O‘FF prezidenti milliy terma jamoa bilan uchrashdi

Bekzod Mamatqulov milliy terma jamoa a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
O‘FF prezidenti milliy terma jamoa bilan uchrashdi
Фото: Ўзбекистон футзали

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 27-yanvar – 7-fevral kunlari Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogi–2026 final bosqichi musobaqasida ishtirok etadi. Hamyurtlarimiz “C” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, unda to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya, qo‘shni Tojikiston hamda yashil qit’a vakillari — Avstraliya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

Musobaqa oldidan bugun O‘zbekiston futzal federatsiyasi (O‘FF) prezidenti Bekzod Mamatqulov milliy terma jamoa a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘FF rahbari jamoaga samimiy tilaklarini bildirib, xalqimiz milliy terma jamoadan doimo hujumkor va g‘alabaga chanqoq o‘yinlar kutishini ta’kidladi. Yil boshida qo‘lga kiritiladigan yutuqlar butun mavsum davomida futbol jamoatchiligiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlashini qayd etar ekan, futzalchilarni ijobiy natija yo‘lida bor kuch va mahoratlarini safarbar etishga chaqirdi.

“Sizlarning har bir harakatingiz, har bir golingiz ortida millionlab insonlarning umidi va orzusi bor. Biz sizlarga ishonamiz. Sizlar nafaqat g‘alaba uchun, balki millat iftixori uchun maydonga tushishingiz, oldingizga qo‘yilgan vazifani sharaf bilan ado etishingiz lozim”, — dedi Bekzod Mamatqulov.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyev jamoa Osiyo Kubogi final bosqichi bahslariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, futzalchilar ayni paytda ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan yuqori sport formasida bo‘lib, jamoa birdamlik va intizom asosida harakat qilmoqda.

Shuningdek, terma jamoa o‘yinchilari nomidan sardorimiz Ilhom Hamroyev hamda O‘FF Tibbiyot departamenti boshlig‘i Lazizbek Teshaboyev so‘zga chiqishdi. Ular futbolchilarning barchasi sog‘-salomat ekanini, musobaqaga to‘liq tayyor holda yo‘l olishayotganini ta’kidlab, O‘FF rahbariyati va futzal jamoatchiligiga bildirayotgan ishonch uchun minnatdorlik izhor etishdi.

“Turnir davomida yigitlar bor kuch va g‘ayratlarini ishga solib, muxlislarimizni quvontiradigan natijalar bilan yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytish niyatida safarga yo‘l olyapti”, — dedi Ilhom Hamroyev.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston futbol faxriylari Kengashi raisi Rahmiddin Zikriyayev hamda O‘FF prezidenti maslahatchisi Avaz Azizxodjayev so‘zga chiqib, har bir futbolchining ortida Vatan sha’ni va xalq ishonchi turganini alohida ta’kidlashdi. Ular milliy terma jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilariga musobaqa bahslarida omad yor bo‘lishini tilab, oq fotiha berishdi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting