Muzaffar Ahadjonov: «O‘zbekistonga medallar bilan qaytishni maqsad qilganmiz»
O‘zbekiston futzal jamoasi Ozarboyjonda Islom Birdamligi turnirida ishtirok etmoqda.
Futzalchilar turnirning dastlabki ikki o‘yinida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l olishdi. Saudiya Arabistoni va Ozarboyjon bilan bellashuvda terma jamoa futzalchisi Muzaffar Ahadjonov jami 4 ta golga mualliflik qildi. Sports24.uz muxbiri u bilan bog‘landi.
“Ozarboyjon bilan o‘yinni boshidan yaxshi start oldik. Afsuski, 2-daqiqada penaltidan foydalana olmadim. Lekin jamoadoshlarim meni qo‘llab-quvvatlashdi. Bu esa menga ijobiy ta’sir o‘tkazib, o‘yin davomida uch marta raqib darvozasiga yo‘l topdim.
To‘g‘risi, bu turnirda birinchi marta qatnashyapman. Hammasi menda ijobiy taassurot qoldirmoqda. Tashkilotchilar barchasiga e’tibor qaratishgan va hech qanday kamchiliklarni ko‘rmaysiz. Turnir a’lo darajada davom etmoqda.
Turnirni muvaffaqiyatli boshladik va 4 ta gol urgani bo‘lishimga qaramay, shaxsiy ko‘rsatkichlar muhim emas. Asosisi, jamoamiz bilan muvaffaqiyat qozonish va har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymanki, turnirda vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib, medallar bilan O‘zbekistonga qaytamiz.
Ushbu turnirda yetakchi jamoalar ko‘p. O‘ylashimcha, Marokash g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan biri. Qolganini o‘yinlar davomida bilib olishimiz mumkin.
Osiyo kubog‘iga qur’a tashlandi. Fikrimcha, bizning guruhda kuchsiz raqibning o‘zi yo‘q. Hammaning imkoniyati teng va har bir jamoa keyingi bosqichga chiqish uchun kurashadi. Xullas, Osiyo kubog‘iga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim”, - dedi Ahadjonov.