Mashrab Adilov: «Osiyo kubogiga yuz foizlik natija bilan yo‘l olishni maqsad qilganmiz»
O‘zbekiston futzal jamoasi a’zosi Mashrab Adilov BMB klubi sharafini himoya qilmoqda. Amaldagi chempion mavsumning 1-turida 2 g‘alaba va bir durang qayd etdi. Sports24.uz muxbiri Adilov bilan bog‘lanib, yangi mavsumning starti va milliy jamoaning Osiyo kubogi saralash bosqichiga tayyorgarligi borasida suhbatlashdi.
“BMB mavsumni yaxshi boshladi, deb o‘ylayman. Chunki chempionatdagi asosiy raqibimiz bilan durang qayd etdik. Ikki o‘yinda ham muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik. Ayniqsa, uchinchi o‘yinimizga kelib, jamoamiz o‘zi istagandek harakat qildi. O‘ylaymanki, jamoamiz o‘yindan o‘yinga natijalarimiz yaxshilanib boradi va chempionlik sari harakat qilamiz. Muxlislarimizni quvontira olamiz.
To‘g‘risi, bu mavsum chempionlik yo‘lida bizga oson bo‘lmaydi. Oliy ligada 4-5ta jamoa yaxshi saviyadagi futzalchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu jamoalar ham chempionlikni maqsad qilgan. Tabiiyki, yutuqqa erishish yo‘lida jiddiy raqobatga duch kelamiz. Ammo BMB yana chempion bo‘lishni rejalashtirgan. Bunga erisha olamiz. Hammasi mavsum yakunida ma’lum bo‘ladi.
Hozir aynan shu jamoa bizga jiddiy raqobatchi bo‘ladi, deb ayta olmayman. Kimga qarshi o‘ynasak, ular osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Shu sabab har bir bahsimizga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Yuqorida aytganimdek, Oliy ligadagi ishtirokchilarda yaxshi darajadagi futzalchilar bor.
Albatta, saralash o‘yinlariga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Mashg‘ulotlarda qattiq mehnat qilyapmiz. Saralash o‘yinlari ham oson o‘tmaydi. Maqsadimiz 100 foizlik natija bilan Osiyo chempionatiga yo‘llanma olish”, - deydi Adilov.