locale OZ

Jangovar mitti davlatlar. Jahon chempionati tarixidagi aholisi eng kam bo‘lgan 10 mamlakat

Kyurasao Jahon chempionatiga chiqqan tarixdagi aholisi eng kam davlatga aylandi.
Maqolalar
Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Jangovar mitti davlatlar. Jahon chempionati tarixidagi aholisi eng kam bo‘lgan 10 mamlakat
ФОТО: Getty images

Ayrim futbol grandlari uchun Jahon chempionatining final bosqichiga chiqish oddiy holdek qabul qilinsa, aholisi juda kam bo‘lgan ayrim davlatlar uchun bu haqiqiy bayramdir. Dunyoning eng ko‘p aholiga ega mamlakatlari – Xitoy, Hindiston va Indoneziya mundialga kamdan-kam yo‘llanma olsa, ancha kichik davlatlar esa ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etishdan faxrlanadi.

Quyida Jahon chempionati final bosqichiga chiqqan, musobaqa o‘tkazilgan vaqtda aholisi eng kam bo‘lgan 10 davlat bilan tanishamiz.

Sloveniya (1,9 million aholi)

Sobiq Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan Sloveniyada yangi ming yillikkacha asosan gandbol va chang‘i sporti ommabop edi. Ammo Zlatko Zahovich boshchiligidagi jamoa avval Euro–2000, ikki yildan so‘ng esa JCH–2002 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Biroq Janubiy Koreya va Yaponiyada o‘tgan mundialda sloveniya futbolchilari uchala uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lishdi. Zahovich esa bosh murabbiy bilan keskin janjaldan so‘ng musobaqa tugamasidan uyiga jo‘natildi. Sloveniya yana bir bor 2010 yilgi Jahon chempionatiga chiqdi va pley-offda Rossiyani ikki o‘yin natijasiga ko‘ra mag‘lub etdi.

Urugvay (1,9 million)

Urugvay jahon futboli tarixidagi eng muvaffaqiyatli terma jamoalardan biri hisoblanadi. Mamlakat ikki karra Jahon chempioni va ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan.

1930 yildagi ilk Jahon chempionatiga mezbonlik qilgan va uni yutib olgan paytda Urugvay aholisi ikki millionga ham yetmasdi. Bugungi kunda ham mamlakatda atigi 3,4 million kishi yashaydi, ammo u hali ham jahon darajasidagi futbolchilarni yetishtirishda davom etmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari (1,9 million)

BAA 1990 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi va bu bilan Yaponiya hamda Saudiya Arabistoni kabi Osiyo grandlaridan avval mundialda ishtirok etdi.

Italiyada bo‘lib o‘tgan musobaqada amirliklar Kolumbiya, Germaniya va Yugoslaviya bilan bir guruhda mag‘lub bo‘lib, guruh bosqichidan o‘ta olmadi.

Quvayt (1,5 million)

1982 yilda Jahon chempionati ishtirokchilari soni 24 taga yetkazildi va bu Afrika hamda Osiyo vakillari uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratdi. Quvayt Ispaniyadagi mundialda debyut qilgan besh davlatdan biri bo‘ldi.

Angliya, Fransiya va Chexoslovakiya bilan bir guruhdan o‘rin olgan arab jamoasi munosib o‘yin ko‘rsatdi. Biroq ularning o‘sha chempionatdagi ishtiroki asosan g‘alati voqea bilan yodda qolgan.

Uchrashuv paytida shahzoda Fahd maydonga chiqib, fransuzlar urg‘an golni bekor qildirishga harakat qildi. Quvayt futbolchilari hakam emas, tribuna tomondan chalingan hushtakni eshitdik deb o‘yin to‘xtaganini da’vo qilgan. Sovet hakami Miroslav Stupar avval golni bekor qilgan bo‘lsa-da, keyin qarorini o‘zgartirgan. Garchi hisob 3:1 Fransiya foydasiga bo‘lsa ham, bu voqea mundial tarixidagi eng mashhur mojarolardan biriga aylandi.

Shimoliy Irlandiya (1,4 million)

Britaniya futbolida ko‘pincha «kambag‘al qarindosh» sifatida tilga olinadigan Shimoliy Irlandiya Jahon chempionatlarida kutilgandan ham yaxshi natijalar qayd etgan.

1982 yilda jamoa mezbon Ispaniyani mag‘lub etib, ikkinchi bosqichga chiqdi. 1958 yilda esa yanada katta muvaffaqiyatga erishib, Chexoslovakiyani mag‘lub etdi, Germaniya bilan durang o‘ynadi va chorak finalgacha yetib bordi. Har ikki mundialda ham ularni Fransiya musobaqadan chiqarib yuborgan. 2018 yilgi saralashda esa Shveysariyaga pley-offda mag‘lub bo‘lib, mundial yo‘llanmasini boy berdi.

Trinidad va Tobago (1,3 million)

Bir nechta omadsiz urinishlardan so‘ng Trinidad va Tobago nihoyat 2006 yilgi Jahon chempionatiga chiqdi.

Dastlabki uchrashuvda jamoa tarkibida Henrik Larsson va Zlatan Ibrahimovich harakat qilgan Shvetsiya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Keyin Angliya ularni faqat o‘yin oxirida kiritilgan ikki gol evaziga mag‘lub etdi. Paragvayga qarshi mag‘lubiyat esa Karib dengizi vakillarining mundialdagi safarini yakunladi.

Paragvay (860 ming)

1930 yildagi aholi ro‘yxati bahsli bo‘lgani va ortidan urush boshlanganligi sabab Paragvay aholisi ilk mundial paytida aniq qancha bo‘lganini aytish qiyin.

JCH–2026 paragvayliklar uchun sakkizinchi mundialga aylandi. Hozir mamlakat aholisi 7,2 million nafarni tashkil etadi.

Kabo-Verde (528 ming)

2026 yilgi Jahon chempionati saralashidagi eng katta sensatsiyalardan biri Afrikada yuz berdi. Kabo-Verde Kamerunni mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor mundialga chiqdi.

Afrikaning g‘arbiy sohillari yaqinida joylashgan orol davlati maydoni bo‘yicha qit’adan Jahon chempionatiga chiqqan eng kichik mamlakat hisoblanadi. Ilk uchrashuvida Ispaniya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan Kabo-Verde mustahkam himoyasi va yuqori taktik intizomi bilan ko‘pchilikni hayratga soldi. Guruhni muvaffaqiyatli yakunlab, pley-offga chiqdi.

Islandiya (340 ming)

Euro–2016da Angliyani mag‘lub etib, chorak finalga chiqqan Islandiya 2018 yilda Jahon chempionati tarixidagi aholisi eng kam ishtirokchi davlatga aylandi.

Xorvatiya, Turkiya va Ukraina joy olgan saralash guruhida birinchi o‘rinni egallash oson kechmagan. Rossiyadagi mundialda islandlar Argentina bilan durang o‘ynab yaxshi start oldi, biroq keyin Nigeriya va Xorvatiyaga mag‘lub bo‘lib, guruh bosqichida musobaqani tark etdi.

Kyurasao (185 ming)

Kyurasao Jahon chempionatiga chiqqan tarixdagi aholisi eng kam davlatga aylandi.

185 ming atrofida aholiga ega bo‘lgan mamlakat kattaligi jihatidan ko‘plab shaharlar bilan taqqoslanadi. Mundialda kyurasao futbolchilari Ekvador bilan durang o‘ynadi, Germaniya darvozasiga gol urdi va tarixiy ishtiroklari ortidan yurti haqiqiy qahramonlar sifatida qaytishdi.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting