Jamoasiz qolgan top yulduzlar. Ular kimlar?
Jahon chempionati ishtirokchilari orasida erkin agentlar ko‘p. Ular orasida afsonalar ham, yangi jamoa qidirayotgan yulduzlar ham bor. Ro‘yxatda nafaqat futbol afsonalari, balki hali ham yuqori darajada to‘p sura oladigan mashhur o‘yinchilar ham o‘rin olgan.
Ularning ayrimlari deyarli yangi klubini topib bo‘lgan yoki amaldagi shartnomasini uzaytirish arafasida. Biroq bu barcha futbolchilarga taalluqli emas. Quyida 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashgan va hozirda erkin agent hisoblangan eng mashhur 10 nafar futbolchi bilan tanishasiz.
Muhammad Salah (Misr)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 22 million yevro
34 yoshli Muhammad Salah hamon Misr terma jamoasining eng katta yulduzi bo‘lib qolmoqda. Biroq JCh-2026da tajribali hujumchi Hossam Hassan boshchiligidagi jamoaning har bir uchrashuvida ham eng yorqin futbolchi bo‘la olmadi. Bunga, ehtimol, klub mavsumi yakunida olgan jarohati ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, Salah turnirdagi barcha besh uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va 1 ta gol hamda 2 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. U guruh bosqichida Belgiya qarshi bahsda assist qayd etdi, Yangi Zelandiya darvozasiga esa gol urib, yana bir golli uzatma berdi. Argentinaga qarshi o‘yinda ham jamoasining ikkinchi golli hujumida ishtirok etdi.
Statistikaga ko‘ra, Salah Misr safida zarbalar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi (9 ta, shundan 4 tasi aniq). Biroq golli vaziyat yaratish (16 ta hal qiluvchi uzatma) va raqiblarni aldab o‘tish (8 ta dribling) bo‘yicha jamoada tengsiz bo‘ldi.
Frank Kessye (Kot-d’Ivuar)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 12 million yevro
29 yoshli Frank Kessye — Kot-d’Ivuar terma jamoasi sardori. "Barselona" va "Milan"ning sobiq yarim himoyachisi JCh-2026da muvaffaqiyatli ishtirok etib, jamoasining 1/16 finalga chiqishiga katta hissa qo‘shdi. U yerda ivuarliklar Norvegiyaga munosib qarshilik ko‘rsatdi va faqat o‘yin so‘ngida Erling Holand urg‘an gol tufayli mag‘lub bo‘ldi.
Kessye turnirda to‘rtta uchrashuvda maydonga tushib, Germaniya darvozasiga kiritilgan gol bilan ajralib turdi. Shuningdek, u jamoa o‘yinida muvozanatni ta’minlab, raqib maydonidagi aniq uzatmalar soni (40 ta) bo‘yicha terma jamoada ikkinchi natijani qayd etdi.
Frank "Al-Ahli"dan ketgach, erkin agentga aylandi. Saudiya klubida u so‘nggi uch mavsumni o‘tkazgan edi. Endi esa Italiyaga qaytishni istamoqda. Tuttosport ma’lumotiga ko‘ra, unga "Yuventus" qiziqish bildirgan.
Jahon chempionati davomida Kessye bu haqda hazilomuz tarzda shunday degandi:
"Yuventus" haqidagi gap-so‘zlarni o‘qidim. Faqat bitta narsani aytaman: men ular uchun ajoyib transfer bo‘lardim. Hozir yaxshi sport formasidaman, Jahon chempionatida o‘ynayapman va erkin agentman. Yana nimani istash mumkin? Shuning uchun ham ko‘plab klublar meni istayapti va ular haq. Agentim ishlayapti, bizga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘layapti va bu tabiiy hol. Men o‘zim ham shunday sharoitda o‘zimni jamoaga taklif qilgan bo‘lardim".
Kazemiro (Braziliya)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 6 million yevro
34 yoshli Kazemiro uchun JCh-2026 Braziliya terma jamoasi kabi turlicha kechdi. Quvonchli lahzalar ham, omadsiz epizodlar ham bo‘ldi.
Uning turnirdagi eng yorqin voqeasi Yaponiya qarshi bahsda urg‘an goli bo‘ldi. Aynan shu gol Karlo Anchelotti shogirdlariga kambek boshlash imkonini berdi. Bu Kazemironing musobaqadagi yagona samarali harakati bo‘ldi.
Statistikaga ko‘ra, u Braziliya safida Duglas Santosdan keyin to‘pni tortib olishlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi (14 marta). Shuningdek, to‘pni olib qo‘yish (6), yutib chiqilgan yakka kurashlar (27) va aniq uzun uzatmalar (15) bo‘yicha ham jamoaning eng yaxshilari qatoridan joy oldi. Biroq uning ayrim xatolari raqib gollariga ham sabab bo‘ldi.
Yozda Kazemiro to‘rt yillik faoliyatidan keyin "Manchester Yunayted" bilan xayrlashdi. Ammo u faoliyatini yakunlashni rejalashtirmayapti. Fabrizio Romano ma’lumotiga ko‘ra, braziliyalik yarim himoyachi "Inter Mayami" bilan og‘zaki kelishuvga erishgan va tez orada Lionel Messi jamoasiga qo‘shilishi mumkin. Rasmiy shartnoma imzolansa, bu MLS klubi uchun juda kuchli transfer bo‘ladi.
Luka Modrich (Xorvatiya)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 3,5 million yevro
Xorvatiya terma jamoasi sardori Luka Modrich JCh-2026da jamoasini imkoni boricha uzoqroq olib borish uchun bor kuchini sarfladi. Biroq xorvatlar 1/16 finalda Portugaliyaga mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etishdi.
Albatta, 40 yoshli Modrich o‘zining eng yuqori sport formasidagi davridan ancha uzoqlashgan. Shunga qaramay, u turnirdagi to‘rt uchrashuvda Ganaga qarshi bahsda bitta golli uzatma amalga oshirdi.
Yarim himoyachi raqib maydonidagi aniq uzatmalar (45 ta) va hal qiluvchi uzatmalar (7 ta) bo‘yicha Xorvatiya terma jamoasining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Shuningdek, to‘pni tortib olishlar soni bo‘yicha ham kuchli uchlikdan o‘rin oldi.
Shu tariqa, Luka o‘zining ehtimoliy so‘nggi Jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz o‘ynadi, deb bo‘lmaydi.
Uning kelajagi haqida turli ma’lumotlar tarqaldi. Insayder Nikolo Skira Modrich JCh-2026dan keyin faoliyatini yakunlashi mumkinligini bildirgan bo‘lsa, La Gazzetta dello Sport jurnalisti Luka Bianchinning xabar berishicha, xorvat maestrosi "Milan" bilan shartnomasini uzaytirishga juda yaqin turibdi. "Rossonerilar" rahbariyati tajribali pleymeykerni jamoada saqlab qolishdan manfaatdor.
"Milan" rahbariyati ham, jamoaning yangi bosh murabbiyi Ruben Amorim ham Luka Modrich bilan ishlash istagini bildirgan. Endi faqat tajribali xorvat futbolchisining yakuniy qarori kutilmoqda.
David Alaba (Avstriya)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 3 million yevro
David Alabaning faoliyati so‘nggi yillarda jarohatlar bilan bog‘liq muammolar tufayli qiyin kechdi. Shu sababli u JCh-2026da Avstriya terma jamoasiga qay darajada yordam bera olishi noma’lum edi.
Biroq 34 yoshli markaziy himoyachi barcha to‘rt uchrashuvda ilk daqiqalardan maydonga tushdi. U himoyada haqiqiy yetakchi sifatida harakat qildi va Jazoirga qarshi bahsda golli uzatma ham amalga oshirdi.
Statistikaga ko‘ra, Alaba raqib yarimidagi aniq uzatmalar (84) va uzoq masofali aniq paslar (12) bo‘yicha jamoasining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Shuningdek, to‘sib qolingan zarbalar (3) bo‘yicha ikkinchi, yakka kurashlardagi g‘alaba foizi (55%) bo‘yicha esa kuchli uchlikdan joy oldi.
Bosh murabbiy Ralf Rangnik uni ehtiyot qildi va guruh bosqichidagi har bir uchrashuvda maydondan ertaroq olib chiqdi.
Yozgi transferlar oynasida Alaba besh mavsumlik faoliyatidan keyin "Real"ni tark etdi. Endi esa uning keyingi manzili noma’lumligicha qolmoqda. Corriere dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining agenti uni "Milan" va "Yuventus"ga taklif qilgan. Shuningdek, MLS, Saudiya Arabistoni, Turkiya hamda "Red Bull Zaltsburg" klublari ham himoyachiga qiziqish bildirmoqda.
Shu bois, Alaba faoliyatini AQShda davom ettirishi ham ehtimoldan holi emas.
Xames Rodriges (Kolumbiya)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 1,5 million yevro
Kolumbiya futbolining yulduzi Xames Rodriges (12 iyul kuni 35 yoshni qarshi oldi) JCh-2026da kutilganidan ham yaxshiroq o‘yin namoyish etdi.
Tajribali pleymeyker musobaqadagi barcha besh uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va ayniqsa guruh bosqichida jamoaning hujumlarini tashkil etishda muhim rol o‘ynadi.
Garchi u turnirni gol yoki golli uzatmasiz yakunlagan bo‘lsa-da, raqamlar uning ahamiyatini ko‘rsatib turibdi. Xames Kolumbiya safida raqib yarimidagi aniq uzatmalar (75) va hal qiluvchi paslar (11) bo‘yicha eng yaxshi natija qayd etdi. Biroq u biror marta ham o‘yinni oxirigacha maydonda o‘tkazmadi.
Jahon chempionatidan oldingi olti oyda Rodriges MLSning "Minnesota Yunayted" klubida o‘tkazdi. Yozda tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yakunlashdi.
May oyida Xames faoliyatini tugatishi haqidagi mish-mishlarni rad etib, o‘yinni davom ettirishini ma’lum qildi. Ilgari unga Meksikaning "Amerika" klubi qiziqish bildirgan edi. Jurnalist Rudi Galettining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda "Latsio" ham kolumbiyalik yarim himoyachini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Rikardo Rodriges (Shveytsariya)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 1,4 million yevro
Erkin agentlar ro‘yxatidagi yana bir Rodriges — Shveytsariya terma jamoasining asosiy chap qanot himoyachisi Rikardo Rodriges.
33 yoshli futbolchi JCh-2026da Murat Yakin jamoasining barcha olti uchrashuvini asosiy tarkibda boshladi, chap qanotni ishonchli himoya qildi va Argentinaga qarshi chorak finalda golli uzatma muallifi bo‘ldi.
U shveytsariyaliklar safida to‘pni tortib olishlar (11) bo‘yicha birinchi, raqib yarimidagi aniq uzatmalar (74) bo‘yicha ikkinchi natijani qayd etdi. Shuningdek, hal qiluvchi paslar (7) va to‘pni uzoqlashtirishlar (13) bo‘yicha ham kuchli uchlikdan o‘rin oldi.
Ikki mavsumdan keyin Rodriges "Betis" bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olmadi va klubni tark etdi.
Hozircha uning kelajagi bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Futbolchining o‘zi esa har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgan.
"Hatto Dubay, Qatar, AQSh yoki Yaponiyadan bo‘lsa ham", — degan Rodriges.
Bu esa u boshqa mamlakatlar, jumladan Rossiya klublaridan keladigan takliflarga ham ochiq ekanini anglatadi.
Edin Jeko (Bosniya va Gersegovina)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 1 million yevro
Bosniya va Gersegovina futbolining afsonasi Edin Jeko JCh-2026da 40 yoshida ishtirok etdi.
U guruh bosqichida Kanadaga qarshi ilk uchrashuvni sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sabab o‘tkazib yubordi. Keyingi ikki tur hamda AQShga qarshi 1/16 final bahsida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Biroq amerikaliklarga qarshi o‘yinda jarohati sabab 50-daqiqada almashtirildi.
Jeko hamon Bosniya hujumlarining asosiy figurasi bo‘lib qolganiga qaramay, turnirda gol yoki golli uzatma qayd eta olmadi. U bor-yo‘g‘i uch marta darvoza tomon zarba berdi va ulardan biri ustunga tegdi.
Tajribali hujumchi o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida "Shalke"da o‘tkazdi. U 2026 yil yanvar oyida jamoaga qo‘shilib, klubning Bundesligaga qaytishiga katta hissa qo‘shdi. Jeko 11 uchrashuvda 6 ta gol va 3 ta golli uzatma bilan ajralib turdi.
Insayder Nikolo Skira ma’lumotiga ko‘ra, Jahon chempionatidan oldin "Shalke" rahbariyati Jeko bilan shartnomani yana bir yilga uzaytirishni rejalashtirgan edi. Ammo bosniyalik hujumchi yakuniy qarorni JCh-2026 tugaganidan keyin qabul qilishini ma’lum qilgan.
Edin Jekoning aytishicha, u o‘zining keyingi qaroriga sog‘lig‘iga qarab baho beradi. Hozircha bu borada hech qanday yangilik yo‘q. Endi afsonaviy hujumchining Jahon chempionatidagi "so‘nggi raqsi"dan keyin qaysi jamoada faoliyatini davom ettirishi qiziq bo‘lib turibdi.
Erjan Nyuland (Norvegiya)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 800 ming yevro
Erjan Nyuland Erling Holand bilan birgalikda Norvegiya terma jamoasini JCh-2026 chorak finaliga olib chiqqan asosiy qahramonlardan biri bo‘ldi.
Ayniqsa, uning 1/8 finalda Braziliyaga qarshi ko‘rsatgan o‘yini katta taassurot qoldirdi. 35 yoshli darvozabonning bir qator ajoyib seyvlari Stole Solbakken shogirdlariga o‘yinda qolish va bahs taqdirini o‘zgartirish imkonini berdi.
Nyuland turnirdagi besh uchrashuvda 16 ta seyv amalga oshirdi, darvozasiga yo‘llangan zarbalarning 70 foizini qaytardi va yettita gol o‘tkazib yubordi.
Jahon chempionatidan oldin Norvegiya Rossiyada tug‘ilgan darvozabon Nikita Xaykinni fuqarolikka qabul qilishga uringan edi. Ammo Nyuland o‘z o‘yini bilan birinchi raqam maqomiga munosib ekanini isbotladi. To‘g‘ri, Angliyaga qarshi chorak finalda Morgan Rogersning jarima maydoni tashqarisidan bergan zarbasini muvaffaqiyatsiz qaytarib yuborgani golga sabab bo‘ldi.
Shunga qaramay, JCh-2026dagi muvaffaqiyatli ishtirok Nyulandga yangi klub topish imkoniyatini oshirdi. U o‘tgan mavsum yakunida uch yillik faoliyatidan keyin "Sevilya"ni tark etdi. So‘nggi mavsumda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan darvozabonga norvegiyalik manbalarga ko‘ra, Angliya Premer-ligasining besh klubi qiziqish bildirmoqda.
Variantlardan biri — "Manchester Siti". Biroq u yerda Nyuland asosan zaxira darvozaboni sifatida ko‘rilmoqda. Shuningdek, "Lids Yunayted" ham unga da’vogarlardan.
Voziynya (Kabo-Verde)
Transfermarkt talqiniga ko‘ra bozor qiymati: 50 ming yevro
Voziynya JCh-2026ning eng kutilmagan qahramonlaridan biri sifatida tarixda qolishi mumkin.
40 yoshli darvozabon Kabo-Verde terma jamoasini yelkasida etaklab, Ispaniyaga qarshi guruh bosqichidagi (0:0) hamda Argentinaga qarshi 1/16 finaldagi (2:3) uchrashuvlarda fantastik o‘yin ko‘rsatdi.
U turnirdagi to‘rt bahsda jami 18 ta seyv amalga oshirib, zarbalarning 78 foizini qaytardi va atigi beshta gol o‘tkazib yubordi.
Bir necha kun ichida deyarli hech kim tanimaydigan darvozabon millionlab muxlislarga ega mashhur futbolchiga aylandi.
Biroq uning kelajagi hozircha noaniq. Voziynya so‘nggi ikki mavsumni Portugaliya ikkinchi divizionining "Shavish" klubida o‘tkazdi. Yozda shartnomasi yakunlangach, erkin agentga aylandi.
Jahon chempionatidan keyin unga qiziqish ortishi tabiiy. Ammo 40 yosh uning ehtimoliy xaridorlarini ikkilan tirishi mumkin.
Marca ma’lumotiga ko‘ra, darvozabon "Inter Mayami"ga o‘tishi mumkin. Bu transferda Lionel Messining tavsiyasi muhim rol o‘ynagan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Fabrizio Romano esa Braziliya Seriya B klublari Voziynya bilan muzokaralar olib borayotganini xabar qildi.