locale OZ

Izzatilla Abdullayev: \"O‘zbekiston klublaridan taklif bo‘lsa, Superligaga qaytishim mumkin\"

Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Izzatilla Abdullayev: "O‘zbekiston klublaridan taklif bo‘lsa, Superligaga qaytishim mumkin"
Photo: FC Ozgen

Faoliyati davomida "Buxoro", "Neftchi", “Lokomotiv” kabi jamoalarda to‘p surgan yarim himoyachi Izzatilla Abdullayev 2025-yilgi mavsumni Qirg‘izistonning “Ozgen” jamoasida boshladi. Sports24.uz sayti 28 yoshli himoyachi bilan suhbatlashdi.

– Izzatilla, Qirg‘izistondagi faoliyatingiz qanday kechmoqda? “Ozgen”da hammasi joyidami?

- Ha, albatta. “Ozgen”dagi faoliyatim yaxshi davom etmoqda. Umuman olganda chempionat juda qiziqarli o‘tmoqda, har bir turda murosasiz bellashuvlar ko‘p bo‘lyapti. Qisqasi, bu yerda hammasi yaxshi.

- Nima sababdan “Ozgen” klubidan tushgan taklifni qabul qildingiz? O‘zbekiston klublaridan taklif bo‘lmadimi?

- Qirg‘iziston chempionatiga kelishimdan oldin “Buxoro” bilan kelishuvga erishgandim. Chunki bu jamoa bilan Pro ligaga birgalikda yo‘l olgandik va faoliyatimni shu yerda davom ettirishim deyarli aniq edi. O‘zbekistonda transfer oynasi yopilishiga 1 kun qolganida jamoa bilan o‘rtamizda biroz kelishmovchilik yuzaga keldi. Natijada jamoasiz qoldim. Shu payt “Ozgen” klubidan taklif tushdi. Bunda do‘stim Javohir Sohibovning hissasi katta bo‘ldi. Klub bilan gaplashdim, menga sharoitlari ma’qul keldi va jamoasiz qolib ketmaslik maqsadida bu taklifga rozilik berdim. Hammasi yaxshi davom etmoqda, muhimi, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapman.

– Qirg‘iziston chempionati darajasi haqida nima deya olasiz?

– Bu yil chempionat yomon emas. Chunki jamoalar soni oshirilgan. Bundan tashqari, jamoalarda barcha sharoitlar yaxshi darajaga chiqqan. Chempionatda o‘ynayotgan barcha klublar sifatli legionerlar bilan kuchaydi. Maydonlar ham talab darajasida ekanligiga guvoh bo‘ldim.

- Klub tomonidan yaratilgan sharoitlar sizga ma’qul kelyaptimi?

- Sharoitlar yaxshi. Bu borada hech qanday muammo yo‘q deya olaman. Faqat maydonga chiqib, jamoa manfaati uchun borimizni berishimiz kerak.

- Yozda Superligaga qaytishni istaysizmi yoki “Ozgon” bilan mavsumni yakunlashni maqsad qilganmisiz?

- Hozircha jamoa bilan mavsum oxirigacha shartnomam bor. Ammo yozda O‘zbekiston klublaridan taklif bo‘lsa, Superligaga qaytishim mumkin. Albatta, bu borada “Ozgen” rahbariyati bilan kelishgan holda bir qarorga kelaman. Hozircha bu haqda o‘ylaganim yo‘q. Birinchi davra o‘yinlari tez orada yakunlanadi. Ana shundan keyin bu haqda o‘ylab ko‘rish mumkin.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting