Ilhom Hamroev: «Turnirdagi har bir o‘yin Osiyo kubogiga ham tayyorgarlik vazifasini o‘tadi»
O‘zbekiston futzal jamoasi Saudiyada davom etayotgan Islom Hamkorlik turnirida ishtirok etmoqda.
Ozarbayjon bilan o‘yin ortidan milliy jamoa yetakchi a’zosi Ilhom Hamroevning fikrlariga quloq tutdik.
“Ozarbayjon bilan yaxshi o‘yin bo‘ldi. Startdan boshlab hujumlar sonini ko‘paytirdik, tashabbusni qo‘lga oldik va yaratilgan imkoniyatlardan maksimal foydalandik. Natijada yirik hisobdagi muvaffaqiyatga erishdik.
Bu o‘yinga qadar mezbon Saudiya Arabistoni futzalchilariga qarshi ham o‘ynagandik. Tabiiyki, ular bilan ancha qiyin kechgandi. Har holda ular mezbonligi ham bilinib turgandi.
Tashkiliy jihatdan hech qanday muammo yo‘q. Hammasi yaxshi tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik.
Turnirda kuchli jamoalar yig‘ilgan. Marokash va Eronning qanday salohiyatga ega ekanini hamma yaxshi biladi. Shuningdek, qolganlar ham kashfiyotchilarga aylanishi mumkin.
Maqsadimiz o‘yindan o‘yinga sifatli va g‘alabali tarzda harakat qilish. Turnirdagi har bir bahs biz uchun Osiyo kubogiga ham tayyorgarlik vazifasini o‘tadi”, — dedi Hamroev.