locale OZ

Erkin agentga aylanayotgan yulduzlar. Top-13

Bu o‘yinchilarning shartnomasi yakunlanmoqda.
Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Erkin agentga aylanayotgan yulduzlar. Top-13
ФОТО: Getty images

Har qanday futbolchi vaqti kelib jamoasini tark etishga majbur bo‘ladi. Vaqt oliy hakam deb bekorga aytishmagan. Yozgi transfer vaqtida jamoasini o‘zgartirishi kutilayotgan o‘yinchilar haqida so‘z yuritamiz. Qani, unda boshladik.

Ibraima Konate, 26 yosh, «Liverpul»
Transfer qiymati: 50 million yevro

Shartnomasi yakunlanish arafasida turgan futbolchilar orasida eng yuqori baholangan o‘yinchi — 50 million yevro. Fransiyalik himoyachi dastlab sobiq jamoadoshi Trent Aleksandr-Arnoldning yo‘lini takrorlab, erkin agent maqomida “Real” safiga o‘tishni rejalashtirgan edi. 2025 yil oxirigacha aynan shu ssenariy eng ehtimoliy deb baholangan va shu sababli uning “Liverpul” bilan yangi shartnoma borasidagi muzokaralari ham sekinlashgan.

Biroq madridliklar bu g‘oyadan voz kechgach, vaziyat o‘zgardi. Ispaniyaga ko‘chish amalga oshmaganidan keyin Konate muzokaralarda ancha murosaga kela boshladi va klubdan ko‘proq maosh talab qilish urinishlarini to‘xtatdi. Himoyachi barcha masalalarni jahon chempionati boshlanishidan oldin hal etishni rejalashtirmoqda va allaqachon «Enfild»da qolishini ma'lum qilgan. Yaqin orada rasmiy bayonot ham kutilayotgani shubhasiz.

Dushan Vlaxovich, 26 yosh, «Yuventus»
Transfer qiymati: 35 million yevro

Serbiyalik hujumchining kelajagi esa bunchalik aniq emas. “Yuventus” anchadan beri u bilan shartnomani uzaytirish jarayonini boshlagan, biroq ayrim bandlar bo‘yicha hali ham kelishuvga erishilmagan. Shu bilan birga, jamoa bosh murabbiyi Luchano Spalletti Dushanni Turindagi o‘z loyihasining markaziy figarasi sifatida ko‘radi va uni saqlab qolish zarurligini muntazam ravishda rahbariyatga eslatib kelmoqda.

Ayni paytda vaziyatni yaqindan kuzatayotgan “Bavariya” ham faol harakat qilmoqda.

Bernardu Silva, 31 yosh, «Manchester Siti»
Transfer qiymati: 27 million yevro

“Manchester Siti” uchun haqiqiy afsona sanalgan portugaliyalik yarim himoyachi “shaharliklar” safida o‘tkazgan o‘yinlari soni bo‘yicha yettinchi o‘rinni egallaydi. Undan yuqorida faqat o‘tgan asrning birinchi yarmida tug‘ilgan futbolchilar joy olgan. Yana bir mavsum o‘ynaganida, u kuchli uchlikka ham kirishi mumkin edi, ammo bu amalga oshmaydi.

«Men bu klubga “Man Siti” futbolchisi sifatida kelgan edim, ammo ketar ekanman, o‘zingizdek — umrboqiy “Man Siti” muxlisi sifatida ketyapman», — deya yozdi Bernardu xayrlashuv murojaatida.

Uning keyingi manzili hozircha noma'lum. So‘nggi oylarda tarqalgan turli insaydlar “Barselona” bilan prinsipial kelishuvga erishilganini ta'kidlab kelayotgan edi. Biroq may o‘rtalarida kutilmaganda “Yuventus” ham sahnaga chiqdi va portugaliyalikka yiliga sakkiz million yevro maosh bilan 2+1 shaklidagi shartnoma taklif qildi. Tanlov esa futbolchining o‘ziga bog‘liq.

Yulian Brandt, 30 yosh, «Borussiya Dortmund»
Transfer qiymati: 20 million yevro

Brandt 30 yoshni qarshi oldi. U haligacha o‘z jamoasi uchun juda muhim futbolchilardan biri hisoblanadi: “Borussiya D” safida 306 ta o‘yin o‘tkazgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha klub tarixida 18-o‘rinni egallaydi. Oldindagi 307-uchrashuv esa uning so‘nggisi bo‘ladi.

2025 yil noyabrida dortmundliklar Brandt bilan shartnomani uzaytirishni istab, unga maoshni kamaytirish sharti bilan yangi bitim taklif qilgan edi. Bir necha oydan so‘ng klub sport direktori Lars Riksen shunday xulosa qildi: «Ochiq muloqotlardan so‘ng shartnoma uzaytirilmasligiga kelishib oldik».

Futbolchining keyingi manzili bo‘yicha turli taxminlar mavjud — “Barselona”, “Arsenal” va “Aston Villa” kabi klublar tilga olinmoqda. Ammo hozircha ularning hech biri bilan jiddiy ilgarilash kuzatilmayapti.

Leon Goretska, 31 yosh, «Bavariya»
Transfer qiymati: 15 million yevro

“Bavariya” rahbariyati nemis yarim himoyachisi bilan xayrlashishga 2024 yildayoq urinib ko‘rgan edi. O‘shanda klub hech bo‘lmasa ma'lum miqdorda transfer mablag‘i ishlab olish imkoniga ega edi. Biroq o‘tgan yozga kelib ham vaziyatga aniqlik kiritilmadi — na transfer, na yangi shartnoma borasida. Natijada 2026 yil 1 iyuldan boshlab Goretska erkin agent maqomiga ega bo‘ladi.

Futbolchining o‘zi bu holatni «ham futbolchi, ham shaxs sifatida yangi sahifa» deya ta'riflamoqda.

Avvaliga uni safiga qo‘shib olishda “Arsenal” asosiy da’vogar sifatida qaralgan. Biroq bu ssenariy amalga oshmadi. Mavsum yakuniga yaqin esa “Milan” nemis futbolchisiga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Fabinyo, 32 yosh, «Al-Ittihod»
Transfer qiymati: 13 million yevro

Bu mavzu negadir kam yoritilmoqda. Tayanch yarim himoyachi bir necha oydan buyon noaniq holatda — bu klub pozitsiyasining mavhumligi sababmi yoki uning Yevropaga qaytish istagimi, aniq emas. Balki ikkalasi ham to‘g‘ridir. Braziliyalik qariyb uch yildan buyon Saudiya Arabistonida faoliyat yuritmoqda va mamlakat haqida faqat ijobiy fikrlar bildirib kelgan.

Biroq shartnoma tugashiga yaqinlashmoqda, yangi kelishuv haqida esa hech qanday ma'lumot yo‘q. 10 may kuni futbolchi jurnalistlar oldida kelajagi noaniqligini aytdi, ammo yaqin kunlarda barchasi oydinlashishini ta’kidladi. “Al-Ittihod” rahbariyati qanday qaror qabul qilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Endryu Robertson, 32 yosh, «Liverpul»
Transfer qiymati: 10 million yevro

Yana bir muhim futbolchi va uning klub bilan munosabatlari deyarli yakunlangan. Shotlandiyalik himoyachi “Liverpul”ning Yurgen Klopp davridagi muvaffaqiyatlarida asosiy figuralardan biri bo‘lgan va Trent bilan qanot himoyasida ajoyib juftlikni tashkil etgan.
Biroq hozirgi mavsumda uning roli keskin kamaydi. Shartnoma yakunlanmoqda va xayrlashish vaqti keldi. Qishda “Tottenhem”ga o‘tish haqida gap-so‘zlar bo‘lgan, ammo transfer amalga oshmagan. Yozda bu ehtimol yana kuchayishi mumkin. Agar londonliklar Chempionshipga tushib ketmasa, Robertson aynan shu jamoaga yo‘l olishi mumkin.

Antonio Ryudiger, 33 yosh, «Real Madrid»
Transfer qiymati: 9 million yevro

“Real”dagi vaziyat ancha murakkab: janjallar, ichki nizolar va natijalarning qoniqarsizligi. Nemis himoyachisi bu muammolar markazidagi asosiy figuralardan biri sifatida tilga olinmoqda. Yevropa OAVlariga ko‘ra, u jamoadoshi Alvaro Karrerasni haqorat qilgan va hatto kiyinish xonasida unga zarba bergan.
Shunday vaziyatga qaramay, aprel oyida klub uni 2027 yilgacha qoldirishni ko‘rib chiqqan edi. Biroq oradan bir necha hafta o‘tib, pozitsiya o‘zgardi. Transfer siyosati nuqtai nazaridan kimnidir sotmasdan turib yangi futbolchi olish qiyin. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, kuzga kelib Ryudiger Ispaniyada qolmaydi. Dekabrda Saudiya Arabistoni varianti ham tilga olingan.

Kazemiro, 34 yosh, «Manchester Yunayted»
Transfer qiymati: 8 million yevro

«Yana bir yilmi? Aslo. Bu to‘rt yil ajoyib o‘tdi. Klubga ham, muxlislarga ham minnatdorman. Eng qadrlaydigan narsam — aynan shu muxlislar. Ammo yo‘q, barchasi yakunlandi. Bu yerdagi davrim tugadi», — dedi braziliyalik tayanch yarim himoyachi ESPN’ga bergan intervyusida.
“Manchester Yunayted” muxlislari uni qolishga chaqirgan bo‘lsa-da, futbolchi qarorini o‘zgartirmadi. Klub rahbariyati ham muzokara o‘tkazgan, ammo u g‘alaba ruhiga ega jamoaga o‘tishni istamoqda. Ayrim taxminlarga ko‘ra, u “Inter Mayami”ga yo‘l olishi mumkin.

Robert Levandovski, 37 yosh, «Barselona»
Transfer qiymati: 8 million yevro

Tajribali hujumchi hozir “Barselona” tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar o‘nligiga kirishdan atigi bir gol uzoqlikda turibdi. Uning Ispaniyadagi faoliyatini mukammal deb bo‘lmaydi, ammo gol urish vazifasini bajaryapti.

Yosh o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda — u endi “Bavariya”dagidek yuqori samaradorlik mashinasi emas. “Barselona” yangi asosiy hujumchi izlashi kutilmoqda. “Betis”ga qarshi bahsda futbolchi ko‘zlarida yosh bilan “Kamp Nou”dagi muxlislar bilan xayrlashdi. Unga ko‘plab jamoalar qiziqmoqda. Lekin Robert kelajagi borasida bir qarorga kelmagan.


Dani Karvaxal, 34 yosh, «Real Madrid»
Transfer qiymati: 6 million yevro

Karvaxal oxirgi vaqtlarda o‘yin amaliyoti kamligi sabab norozilik bildirdi. Oxiri klub Dani bilan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. Futbolchi allaqachon jamoa ishqibozlari bilan xayrlashdi.
Aslida Madridda Modrich va Nacho ketganidan so‘ng u lider bo‘lishi kerak edi, ammo bu rolni bajara olmadi. Futbolchi katta ehtimol bilan Yaqin Sharqqa yo‘l olishi kutilmoqda.

Paulo Dibala, 32 yosh, «Roma»
Transfer qiymati: 5 million yevro

Argentinaga nisbatan klubning munosabati g‘alati. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Roma” haligacha kelajak bo‘yicha hech qanday muloqot boshlamagan. «Men hech narsa bilmayman, o‘zim ham bilishni istayman», — deydi u.

Shu bilan birga, Dibala jamoada qolish uchun maoshni kamaytirishga ham tayyor. Bosh murabbiy Jan-Pyero Gasperini ham uni qo‘yib yubormoqchi emas. Qaror esa klub egasiga bog‘liq. Ammo Dibala allaqachon “Roma” ishqibozlari bilan xayrlashdi. Ketish onlari allaqachon aniq.

Luka Modrich, 40 yosh, «Milan»
Transfer qiymati: 4 million yevro

Sentyabrda 41 yoshga to‘ladigan xorvat yarim himoyachisi faoliyatini yakunlaydi, deb o‘ylash mumkin edi. Ammo u hali ham yuqori darajada o‘ynamoqda. “Milan” safida u nafaqat moslashdi, balki A Seriyaning eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylandi.

Jurnalist Matteo Moretto ma’lumotiga ko‘ra, klub va Modrich o‘rtasida yana bir yillik shartnoma bo‘yicha kelishuv mavjud. Murabbiy Massimiliano Allegri ham unga ishonch bildirmoqda. «Milan» Chempionlar ligasiga qaytishni rejalashtirayotgan bir paytda, bunday tajribali pleymeyker jamoa uchun juda muhim hisoblanadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting