\"Dinozavr\" yetti yil deganda \"Bundesliga\"ga qaytdi! Chiptalar rekord darajadagi narxda sotilgan!
“Gamburg” nihoyat yetti yil deganda Bundesligaga qaytdi. Ushbu maqola orqali Germaniyadagi eng katta klublardan birining tarixi va 2024/25 yilgi mavsumi haqida nimadirlarni bilib olasiz degan umiddamiz.

“Gamburg” muhlislari bir necha yillik muvaffaqqiyatsizlikdan so'ng, klub endi hech qachon elit ligaga qayta olmasa kerak deb o'ylashni boshlab yuborgan edi, lekin jamoa 2024/25 yilgi mavsumda yettinchi urinish bilan bu ishni uddaladi.

HSV (HSV-bu “Gamburg”ning qisqartma nomi) poygadagi orqama-orqa o'yinlarda mag'lubiyatga uchramadi va mavsum o'rtalarigacha o'n olti o'yinning faqat bir donasida yutqazgani klubning barqarorligini ko'rsatdi.

“Dinozavrlar” ("Gamburg"ning laqabi) liga peshqadamligi yo'lida 76 marta gol urish orqali har yili mavsum so'ngida yuzaga keladigan qo'rquvdan halos bo'lishdi. HSV so'ngi uchrashuvda “SSV Ulm 1846 Fussball” jamoasini yirik 6:1 hisobida tor-mor etib, “dinozavrlar davridan beri qayta olmayapgan Bundesligaga muddatidan avval yo'llanmani qo'lga kiritdi"

Davie Selke klubning kalit futbolchisi
“Gamburg”ning g'alabali mavsumida bir nechta muhim futbolchilarning hissasi katta. Ulardan biri Bundesliga2 ning bu mavsumida eng ko'p assist qayd etgan futbolchisi Jen-Luk Dompeni misol qilib ko'rsatish mumkin, biroq Selke undan ham ko'proq olqishlarga sazovor bo'ldi.

O'tgan mavsum “Kyoln”ning quyi ligaga tushib ketganidan so'ng HSV tarkibiga kelib qo'shilgan 30 yoshli futbolchi bu mavsumda o'zining ikkinchi yoshligini boshidan o'tkazdi va 21 ta gol urishga erishdi.

Bosh murabbiy Merlin Polzin
Steffen Baumgart 13 turda “Shalke04” bilan 2:2 hisobidagi durrang qayd etilganidan keyin istefoga chiqarildi va uning o'rniga Merlin Polzin olib kelindi.

O'shanda klub turnir jadvalida sakkizinchi o'rinda ketayotgan edi. Ajoyib startdan keyin Polzin vaqtinchalik murabbiy emas, doimiy murabbiy sifatida ishini davom ettirdi. “Gamburg” o'yin uslubini 4-3-3 taktikasiga o'zgartirib, xujumda quvnoqlikni oshirdi.

Faqatgina mart oyiga kelib uning ilk mag'lubiyati sodir bo'ldi. 13 yillik umrini yoshlar futbolida yordamchi murabbiy sifatida o'tkazgan Merlin Polzin Germaniyaning eng katta klublaridan birining zo'r bosh murabbiyi bo'lish uchun moslashuv jarayonidan muammosiz o'tdi.

Bu murabbiyni va sports24.uz da chiqqan ushbu maqolani eslab qoling. Bir necha yildan keyin Merlin Polzinni yevropaning grand klublaridan birida ko'rib qolsak ham ajab emas, zero nemis futboli bugungi kunda butun dunyoga o'zining zo'r murabbiylarini yetishtirib berishdan to'xtamayapti.

Tarix
“Gamburg” to'g'ri ma'noda Bundesliganing qudrati hisoblanadi. Ular 6 karra Germaniya chempionlari va shuningdek, faqatgina 3 ta nemis klubiga nasib qilgan Yevropa chempionlar ligasi kubogini egasi hisoblanadi.

HSV 1970-80 yillarda mamlakat bayroqdori bo'lgan. Keyingi dekadalarda klubning darajasi tushgan bo'lsada, 2018 yilgacha Bundesligada muntazam qatnashib kelayotgan edi. “Gamburg” nihoyat bu mavsumda yana Bundesligaga qaytishni uddaladi, ammo klubning keyingi mavsumdagi ishtiroki qanday bo'lishini vaqt ko'rsatadi.
Maqolam so'ngida “Gamburg” 6:1 “SSV Ulm 1846 Fussball” uchrashuvidan olingan suratlarni tomosha qiling hamda muhlislar zavqini yana bir bor his qiling:















Ajoyib muhlislar armiyasi-a? Bundesligaga mana shunday muhlislarga ega jamoa qaytmoqda! Ha, aytgancha, sal qolsa yodimdan ko'tarilay debdi, “Gamburg”ning Bundesligaga qaytishini muddatidan oldin hal qiluvchi bahs uchun kirish chiptalari 2000 yevrodan sotilgani aytilmoqda. Ana shunaqa gaplar.