Denis Ivankov: “Oxirgi 10 yilda darvozabonlar uchun talablar o‘zgardi”
O‘zbekistonlik darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov ayni paytda "Neftchi" murabbiylar shtabida ishlamoqda. Sports24.uz sayti tajribali murabbiy bilan suhbatlashdi.
- Nega aynan darvozabon bo‘lishga qaror qilgansiz? Hammasi bolalar gol urishni xohlaydiku...
- Kichkinaligimda otam murabbiy bo‘lib ishlaganida mashg‘ulotlarga ko‘p borardim. Borganda menga darvozabon qo‘lqopini kiyish va ularning mashg‘ulotlarini tomosha qilish yoqardi. Kattaroq bo‘lganimda darvozani qo‘riqlashni boshladim. Lekin ko‘chada, mahallada futbol o‘ynasak hamma kabi hujumda o‘ynardim.
- 18 yoshda Nukusga borgansiz va "Aralvodstroyevec" klubida o‘ynagansiz. Toshkentdagi bolakayda Nukusdan variant qanday paydo bo‘lgan?
- Sinfdoshim Davron Dosumov o‘sha klubda o‘ynardi. Jamoaga darvozabon kerak edi. 1990 yil birinchi davra yakunida Dosumov Nukusga borasanmi deb so‘radi. Men 18 yoshdaman va ketdik dedim. Onam Nukusga ketishimga qarshi bo‘lgandi, otam esa "xavotir olma, tezda qaytadi" deb aytgandi. "Aralvodstroyevec"da asosiy tarkibda o‘ynadim, o‘shanda 1994 yildagi Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan Berdah Allaniyazov bilan raqobat qilgandim.
- Otangiz Aleksandr Ivankov ham murabbiy bo‘lgan. Uni qanday yodga olasiz?
- Otamni tartibli va rostgo‘y, haqiqatparvar inson sifatida eslayman. Qayerda ishlagan bo‘lsalar ham o‘zlaridan yaxshi nom qoldirganlar. Hozir ham u bilan birga ishlagan faxriylar bilan gaplashib qolsam, otamni faqat yaxshi xotiralar bilan yodga olishadi.
- Sizda darvozabonlar murabbiyi bo‘lish istagi qachon paydo bo‘lgan. Futbolchilik paytidami yoki faoliyatingizni tugatgandan keyinmi?
- Faoliyatimni tugatganimdan keyin. Futbolchilikni yakunlagandan so‘ng orada bir muddat O‘zbekistonda yashamadim va futboldan uzoq edim. Qaytib kelganimda otam "Kimyogar"da ishlardi. Unga Grigoriy Tseyitlin yordam berardi. Bir kun ular menga darvozabonlar bilan ishlab ko‘rishni taklif qilishdi. Ishlab ko‘rdim va menga yoqdi. Yarim yildan keyin Bahrom Davlatov meni "Mash’al" akademiyasiga taklif qildi va darvozabonlar murabbiyi sifatidagi faoliyatim boshlanib ketdi.
- Qo‘l ostingizda ishlagan Top-3 darvozabon?
- Eldorbek Suyunov, Sanjar Quvvatov va O‘tkir Yusupov. Sanjar yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘ynadi, Eldor milliy terma jamoada ko‘plab o‘yinlar o‘tkazdi. O‘tkir esa hozirgi kunda milliy terma jamoaning birinchi raqamli posboni va Jahon chempionatiga chiqdi. Ularning hammasi uchun xursandman.
- 2018 yil bergan intervyuingizda O‘tkir Yusupovda bir qancha kamchiliklar bor deb aytgansiz. Yusupov qachon bu kamchiliklardan xalos bo‘ldi?
- Menimcha, "Fulad"ga o‘tganidan keyin kamchiliklaridan xalos bo‘ldi. Bilaman u klubda darvozabonlar murabbiyi italyalik. U kuchli murabbiy va mashg‘ulotlari ham qiziqarli. Yusupov endi oldingidek qo‘pol xatolar qilmayapti va Eronda juda katta o‘sishga erishdi.
- So‘nggi 10 yilda darvozabonlarning futboldagi roli qanchalik o‘zgardi?
- Darvozabonlar uchun talablar o‘zgardi. Ammo hozir ham darvozabon baribir birinchi navbatda to‘pni qaytarishi va jamoasini qutqarishi kerak. Hozir darvozabon ko‘proq oxirgi himoyachidek o‘ynashni bilishi kerak. Zamonaviy futbolida darvozabon jamoasining hujumini boshlab bermoqda.
- Qaysi yosh darvozabonlar 3-4 yildan keyin milliy terma jamoada o‘ynashi mumkin?
- Otabek Boymurodov, Nikita Shevchenko, Edem Nemanovni alohida ko‘rsatgan bo‘lardim. Lekin hech qaysi yoshlar terma jamoalarida o‘ynamay, kechroq potensialini namoyish etadigan kuchli darvozabon ham chiqadi. Bunga ishonchim komil.
- "Real"ning ukrainalik darvozaboni Andrey Luninni taniysiz deb eshitganman. U qanday inson?
- Andrey top darvozabon, yaxshi yigit. U bilan tanishman. Agar unda qandaydir savol bo‘lsa bemalol murojaat qiladi yoki menda savol paydo bo‘lsa unga yozaman. Masalan, yaqinda men o‘zim unga yozdim. Andrey oilaparvar yigit va juda yaxshi inson.
- Barcha davrlarning eng yaxshi 3 ukrainalik darvozabonini ayta olasizmi?
- Ukrainada doim kuchli darvozabonlar bo‘lgan. Agar zamonaviy davrni olsak Aleksandr Shovkovskiy, Anatoliy Trubin, Andrey Lunin va Georgiy Bushchan kabi posbonlar bor. Sobiq Ittifoq paytida esa Yevgeniy Rudakov, aka-uka Chanovlar, Sergey Krakovskiy kabi yaxshi darvozabonlar o‘ynashgan. Qisqa qilib aytganda Ukrainada doim darvozabonlar maktabi kuchli bo‘lib kelgan.
- Siz ishlayotgan Farg‘onaning "Neftchi" klubi Superliga birinchi davrasini ikkinchi o‘rinda tugatdi. Ikkinchi davrada peshqadam "Nasaf"dan o‘tib keta olasizlarmi?
- Albatta, "Neftchi" bilan chempion bo‘lmoqchiman. Nafaqat "Nasaf" balki boshqa raqobatchilardan ham teparoqqa bo‘lishni istaymiz. Bu yil chempionlik uchun kurash qiziqarli bo‘ladi.
- Birinchi davrada Superligamizda ko‘plab darvozabonlar bir qancha qo‘pol xatolar qilishdi. Bunga to‘p sababchimi yoki boshqa sababi bormi?
- Menimcha ayb to‘plarda emas. To‘plar yaxshi sifatli. Hozircha hamma to‘g‘ri ishlamoqda deya olmayman. Ikkinchi davrada barcha darvozabonlarga omad tilayman va kamroq xato qilishlariga tilakdoshman.