«Chelsi» tarixidagi eng qimmat markaziy himoyachilar: Lacroix ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Londonning «Chelsi» klubi tarixida eng katta mablag‘ sarflangan markaziy himoyachilar reytingi yangilandi. 2026/27 yilgi mavsum oldidan «Kristal Pelas»dan xarid qilingan Maksans Lakrua ushbu ro‘yxatda darhol ikkinchi o‘ringa joylashdi.
Fransiyalik himoyachi uchun «ko‘klar» 60,8 million yevro to‘ladi. Bu transfer klub tarixidagi markaziy himoyachilar orasidagi ikkinchi eng qimmat kelishuv sifatida qayd etildi.
Reytingda birinchi o‘rinni esa hali ham 2022/23 yilgi mavsumda «Lester»dan 80,4 million yevroga xarid qilingan Uesli Fofana egallab turibdi. Uning transferi nafaqat «Chelsi», balki jahon futboli tarixidagi eng qimmat markaziy himoyachilardan biri hisoblanadi.
Uchinchi o‘rinda 2023/24 yilgi mavsumda «Monako»dan 45 million yevroga kelgan Aksel Disasi joy olgan. Keyingi pog‘onalardan Kalidu Kulibali (41,9 mln yevro) va Benua Badiashil (38 mln yevro) o‘rin olgan.
Qiziq jihati shundaki, ushbu ro‘yxatdan klub afsonalaridan biri David Luiz ikki marta joy olgan. Braziliyalik himoyachi ilk bor 2010/11 yilgi mavsumda «Benfika»dan 25 million yevroga kelgan bo‘lsa, 2016/17 yilda PSJdan yana 35 million yevroga qayta xarid qilingan.
«Chelsi» tarixidagi eng qimmat markaziy himoyachilar:
1. Uesli Fofana («Lester») — 80,4 mln yevro (2022/23)
2. Maksans Lakrua («Kristal Pelas») — 60,8 mln yevro (2026/27)
3. Aksel Disasi («Monako») — 45 mln yevro (2023/24)
4. Kalidu Kulibali («Napoli») — 41,9 mln yevro (2022/23)
5. Benua Badiashil («Monako») — 38 mln yevro (2022/23)
6. Antonio Ryudiger («Roma») — 35 mln yevro (2017/18)
7. David Luiz (PSJ) — 35 mln yevro (2016/17)
8. Rikardu Karvalyu («Portu») — 30 mln yevro (2004/05)
9. David Luiz («Benfika») — 25 mln yevro (2010/11)
10. Aaron Anselmino («Boka Xuniors») — 16,5 mln yevro (2024/25)