locale OZ

«Chelsi» bosh murabbiyligi uchun 6 ta nomzod

Klub yangi murabbiy izlamoqda.
Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
“Chelsi” bosh murabbiyligi uchun 6 ta nomzod
ФОТО: Getty images

Londonning “Chelsi” klubi kelgusi yil uchun yangi murabbiy izlamoqda. Bu borada bir nechta murabbiylar nomlari keltirilmoqda. Biroq klub yakuniy qarorga kelmagan. Ammo ro‘yxatda bir qator katta nomlarni ko‘rish mumkin. Ular hozirda ishsiz va “Chelsi”dan tushgan takliflarni qabul qilish ehtimoli yo‘q emas.

Xavi
“Barselona”ni tark etganidan beri Xavi ishsiz. Ayrim manbalarga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis “Chelsi”ni boshqarishi mumkin. Hattoki, “ko‘klar” rahbariyati murabbiyning agentlari bilan suhbatlashgan va uning qiziqishlari qandayligini xabardor bo‘lgan. Lekin Xavi asosiy nomzod emasligini ham aytilmoqda. Chunki Xavi ilgari APLda ishlamagan va klub ortiqcha tavakkal qilishni istamayapti.

Agar klub o‘zlari istagan murabbiy bilan kelisha olmasa, Xavi variantiga qaytishi mumkin. Chunki u hozirda ishsiz va top jamoadan bo‘ladigan taklifga rad javobini ham qaytarmasa kerak.

Marku Silva
Bu murabbiyning ham “Fulhem” bilan shartnomasi yakuniga yetmoqda. Biroq jamoa portugaliyalik mutaxassisga uch yillik bitim taklif qilgan. U esa yakuniy qarorga kelish uchun rahbariyatdan vaqt so‘ragan. Chunki Silva oldidan bir nechta top jamoalardan takliflar bor.

Ehtimol, Marku “Chelsi”ni boshqarishi ham mumkin. Garchi imkoniyatlar biroz past bo‘lishiga qaramay, “ko‘klar” rahbariyati short-listiga Silvani ham kiritgan. Uning talablari yuqori bo‘lmasa, kelishuv amalga oshish ehtimoli ham yo‘q emas.

Silva bir necha yillardan beri APLda muvaffaqiyatli ishlamoqda va ligadagi futbolni yaxshi biladi. Ayniqsa, top jamoalarga qarshi kechadigan bellashuvlarga jamoasini yaxshi tayyorlay oladi. Shu jihatlari bilan Silva “Chelsi” rahbariyatining nazariga tushgan bo‘lishi mumkin.

Oliver Glasner
Avstriyalik mashhur murabbiy “Kristal Pelas”dagi sarguzashtlarini yakunlamoqda. Faqat jamoa bilan Yevropa Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqishi mumkin. Hozirda jamoada ajoyib imkoniyat bor. O‘tgan yili ular Angliya kubogida muvaffaqiyat qozonib, shov-shuv ko‘targandi.

Glasner “burg‘ular”da qolishi mumkin edi. Biroq u top jamoalardan birida ishlashni istamoqda. “Chelsi” uning atrofidagi vaziyatni anchadan kuzatadi va kelishuvga erishishiga ishonadi. Biroq Glasner Germaniya futboliga qaytishi ehtimoli ham yo‘q emas. Chunki unga talabgor jamoalar ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Felipe Luis
“Chelsi”ning sobiq himoyachisi Filipe Luis klub bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi. London klubi braziliyalik mutaxassisni yozdayoq jamoaga olib kelish variantini ko‘rib chiqmoqda. “Chelsi” rahbariyati Luisni tarkibni tubdan qayta qurish va “Stamford Brij”da yangi o‘yin uslubini shakllantirishning asosiy kaliti deb hisoblamoqda.

Luis 2014/2015 yilgi mavsumda “Chelsi”da o‘ynagan. London klubi tarkibida braziliyalik futbolchi 26 ta uchrashuv o‘tkazgan hamda jamoaning Angliya Premer Ligasi va Liga Kubogida g‘olib chiqishiga yordam bergan.

Luis bilan muzokaralar faol bosqichda olib borilmoqda va u asosiy da’vogarlar ro‘yxatidan o‘rin olgan. Braziliyalik mutaxassis joriy yilning mart oyida “Flamengo”dan iste’foga chiqarilgan edi va o‘shandan buyon erkin agent bo‘lib turibdi.

Andoni Iraola
Bu murabbiy kamtarona “Bornmut” bilan ajoyib tarzda ishlamoqda. Jamoa evrokuboklarga yo‘llanma olish arafasida. Biroq uning jamoadagi hikoyasi yakuniga yetmoqda. Ispaniyalik mutaxassisga top jamoalar qiziqmoqda. Lekin u hozircha bir qarorga kelmagan. Avvalroq unga “Atletik” taklif bilan chiqqan edi. Keyinchalik basklar Edin Terzich nomzodini ma’qul deb topishdi. Hozirda u “Chelsi” boshqaruviga ham munosib nomzod sifatida qaralmoqda. Chunki Andoni liga futbolini yaxshi biladi.

Endi yakuniy qarorni London klubi murabbiylar shtabi tomonidan qabul qilinadi. Agar klub murabbiy bilan hamkorlik qilishni istasa, Andoni bunga qarshilik qilmasa kerak.

Xabi Alonso
Ispaniyalik mutaxassis jamoa boshqaruvi uchun asosiy nomzod hisoblanadi. Qayd etilishicha, Alonso nomzodini London klubi rahbariyatidagi katta bir guruh qo‘llab-quvvatlamoqda.

Avvalroq u “Liverpul”ni boshqarishi mumkinligi xabar qilingandi. Biroq mersisaydliklar Arne Slot bilan hamkorlikni davom ettirish istagini bildirgan.

Endilikda Alonso “ko‘klar”ni boshqarishi mumkin. “Chelsi” ispaniyalik mutaxassisga transferlar va tarkibni shakllantirish kabi muhim masalalarda keng vakolatlar berishga tayyor. Xabi Alonso yanvar oyi o‘rtalarida «Real»dan iste’foga chiqarilganidan beri klubsiz yuribdi

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting