Braziliya favorit, Gaiti uchun jiddiy sinov. S guruhidagi vaziyat qanday?
Jahon chempionati ishtirokchilarini tanishtirishda davom etamiz. Bugun S guruhiga yetib keldik. Bu yerda Braziliya, Marokash, Shotlandiya va Gaiti joy olgan.
Braziliya
Murabbiy
Karlo Anchelotti — pentakampeonlar uchun ideal tanlov. Braziliya federatsiyasi avvaldan nomdor, hujumkor futbolni afzal ko‘radigan xorijlik mutaxassis izlayotgan edi. Italiyalik murabbiyning barcha tomonlarni qoniqtirishi uning hattoki federatsiyadagi siyosiy kurash davrida ham qo‘llab-quvvatlanganidan ma’lum bo‘ldi.
Rahbariyat almashgandan keyin ham Anchelotti bilan hamkorlikni davom ettirish uchun qisqa muddat ichida barcha sharoitlar yaratildi va u JCH–2026gacha shartnomasini uzaytirdi.
Yulduz
Braziliya tarkibida har bir chiziqda jahon darajasidagi futbolchilar bor: darvozada Alisson, himoyada Markinyos va Gabriel, markazda tajribali Kazemiro.
Hujumda esa asosiy yulduzlar — Vinisius va Rafinia. Shuningdek, Neymardan ham katta umid qilinmoqda, garchi uning holati sog‘lig‘iga bog‘liq bo‘lsa-da.
Maqsad
Braziliya asosiy favoritlar qatoriga kirmasa-da, titul uchun da’vogarlar orasida. Minimum vazifa — chorak finalga chiqish, eng yaxshi natija esa yarim finalga yetish.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 6,46%
Marokash
Murabbiy
Marokko futbolidagi “mo‘’jiza” muallifi Valid Regragi mart oyida iste’foga chiqdi. Bu qaror hissiy charchoq va uyda o‘tgan Afrika millatlar kubogi finalidagi mag‘lubiyatdan keyin qabul qilindi.
Hozir Marokko terma jamoasi yana 2022 yildagi tarixiy natija arafasidagi holatga qaytgandek. Yangi g‘oyalar esa ikki fuqarolikka ega, Belgiyada tug‘ilgan mutaxassis Muhammad Uahbidan kutilmoqda.
49 yoshli murabbiy o‘tgan yili Marokko yoshlar termasini jahon chempionligi sari boshlab, o‘zini namoyon qilgan edi.
Yulduz
Jamoada uchta asosiy figurani ajratib ko‘rsatish mumkin.
Darvozada — Yasin Bunu. U “Sevilya” safida Yevropa ligasini ikki bor yutgan va penaltilardagi ishonchli o‘yini bilan mashhur.
Jamoaning yetakchisi — Ashraf Hakimiy. “PSJ” yulduzi terma jamoada standart vaziyatlar ijrochisi sifatida ham katta rol o‘ynaydi. Uning ahamiyatini Afrika kubogidagi ishtiroki ham ko‘rsatdi — jarohatga qaramay, jamoa uni to‘liq tiklanishini kutdi.
Yangi avlodning yuzi — Brahim Dias. U Afrika kubogida turli rollarda ko‘rindi: avvaliga qahramon, finalda esa omadsiz penalti ijrochisiga aylandi.
Maqsad
So‘nggi jahon chempionatida yarim finalgacha yetib borgan jamoadan kutishlar yuqori. Ammo yana bir bor sensatsion natija qayd etish oson emas.
Guruhdan chiqish va pley-offda kamida bir-ikki bosqichdan o‘tish — eng real ssenariy. Shu bilan birga, ilk bosqichdayoq kuchli raqib — masalan, Niderlandiya bilan to‘qnash kelish ehtimoli ham bor.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 1,72%
Shotlandiya
Murabbiy
Stiv Klark — turnirdagi eng tajribali murabbiylardan biri. U 7 yildan beri jamoani boshqarmoqda va shartnomasini 2030 yilgacha uzaytirdi.
Uning qo‘l ostida Shotlandiya katta progressga erishdi: 1998 yildan beri ilk bor JCHga yo‘l oldi.
Yulduz
Jamoaning asosiy figuri — Skott Maktominay. Uning hujumga yaqinroq o‘ynashi karerasini yangi bosqichga olib chiqdi.
Shuningdek, Endryu Robertson va Jon Makginn jamoaning ruhiy yetakchilari hisoblanadi.
Maqsad
Shotlandiya tarixda hali pley-offga chiqmagan. Asosiy maqsad — guruh bosqichidan o‘tish.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 0,20%
Gaiti
Murabbiy
Sebastyan Minye — turli mamlakatlarda ishlagan tajribali mutaxassis. U qiyin sharoitlarga qaramay, Gaitini mundialga olib chiqdi.
Jamoa o‘z uy o‘yinlarini neytral maydonlarda o‘tkazishga majbur bo‘lganiga qaramay, kuchli raqiblarni ortda qoldirdi.
Yulduz
Jamoaning yetakchilaridan biri — Jan-Rikner. Hujumda esa Dyukens Nazon ajralib turdi.
Yangi yulduz sifatida Vilson Izidor e’tibor markazida. U ilgari Fransiya yoshlar terma jamoalarida o‘ynagan, ammo endi Gaiti sharafini himoya qilmoqda.
Maqsad
Gaiti uchun asosiy vazifa — gol urish va kamida bir ochko to‘plash. Jamoa autsayder bo‘lsa-da, kutilmagan natija qayd etishi mumkin.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 0,01%.