Benzema, Pogba, Ramos va Karvaxal: Jamoasiz qolgan 10 futbolchi
Yevropaning asosiy chempionatlarida yozgi transfer oynasi yopildi. Endi klublar shartnomasi bor futbolchilarni transfer qila olmaydi, biroq erkin agentlar bozori hali ham ochiq. Shu sababli bir qator mashhur futbolchilar yangi jamoa topish imkoniyatiga ega. Hozirda klubsiz qolayotgan eng nomdor futbolchilar ro‘yxatini e’lon qilamiz.
Darvozabon — Neto
Darvozaga braziliyalik Neto joylashtirilgan. 36 yoshli golkiper Yevropada «Fiorentina», «Yuventus», «Valensiya» va «Barselona» kabi klublarda to‘p tepgan. Keyinchalik Angliyaning «Bornmut» jamoasi safida ham harakat qilgan.
Uning so‘nggi klubi Braziliyaning «Botafogo»si bo‘ldi. Neto 2026 yil iyun oyida klub bilan shartnomasini o‘zaro kelishuv asosida bekor qildi va erkin agentga aylandi.
Himoya — Karvaxal, Ramos, Alaba va Zinchenko
O‘ng qanot himoyasida Dani Karvaxal. Ispaniyalik futbolchi butun professional faoliyatining katta qismini «Real» bilan bog‘ladi. Madrid klubi safida 450 ta o‘yin o‘tkazib, 27 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Uning kolleksiyasida oltita Karvaxal 2026 yil yozida «Real»ni tark etdi. Klub bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi va u erkin agent maqomiga ega bo‘ldi.
Markaziy himoyada esa ikki tajribali futbolchi — Serxio Ramos va David Alaba.
Ramos — «Real» va Ispaniya terma jamoasi bilan bir qator yirik sovrinlarni qo‘lga kiritgan himoyachilardan biri. Ispaniyalik futbolchi Madrid klubi bilan bir necha marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan.
Alaba esa «Bavariya» va «Real» safida Yevropa futbolidagi eng yuqori darajadagi sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Avstriyalik futbolchi universalligi bilan ajralib turadi — u markaziy himoyada ham, chap qanotda ham, tayanch yarim himoyada ham harakat qila oladi.
Chap qanotda Aleksandr Zinchenko joylashtirilgan. Ukraina terma jamoasi futbolchisi «Manchester Siti» bilan Angliya chempionati va Chempionlar ligasida sovrinlar qo‘lga kiritgan, keyin «Arsenal»da ham to‘p tepdi. Uning erkin agentga aylanishi ro‘yxatdagi eng qiziq holatlardan biri bo‘ldi. Shu bilan birga, Zinchenko jarohatidan tiklanish jarayonida ekani va yaqin oylarda maydonga tusha olmasligi qayd etilgan.
Yarim himoya — Bissuma, Pogba
Markazda Iv Bissuma va Pol Pogba harakat qilishi ko‘zda tutilgan.
Kot-d'Ivuarlik Bissuma Angliya Premyer-ligasida «Brayton» va «Tottenxem» safida o‘ynagan tayanch yarim himoyachi sifatida tanilgan. U jismoniy kurashlardagi faolligi va to‘pni olib qo‘yishdagi mahorati bilan ajralib turadi.
Pogba esa ushbu tarkibdagi eng katta nomlardan biri. 2018 yil jahon chempioni bo‘lgan fransuz futbolchisi «Yuventus» va «Manchester Yunayted» safida katta yutuqlarga erishgan.
U 2025 yil yozida «Monako»ga o‘tgan edi. Biroq fransuz klubi bilan shartnomasi 2027 yil iyuniga qadar amal qilishi kerak bo‘lganiga qaramay, tomonlar 2026 yil avgust oyida hamkorlikni muddatidan oldin yakunlashga qaror qildi. Pogba «Monako»da bor-yo‘g‘i oltita uchrashuvda maydonga tushgan.
Hujum — Mahrez, Benzema va Sancho
Hujum chizig‘ining o‘ng qanotida Riyad Mahrez. Jazoirlik futbolchi «Lester Siti» bilan Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan, «Manchester Siti» safida esa Premyer-liga va Chempionlar ligasi kabi muhim sovrinlarni yutib olgan.
Mahrez keyin Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klubiga o‘tdi. U jamoa safida uch mavsum o‘tkazib, barcha musobaqalarda 122 ta uchrashuvda 37 ta gol urdi va ikki marta Osiyo Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. 2026 yil yozida uning «Al-Ahli» bilan shartnomasi yakunlandi.
Chap qanotda esa Jeydon Sancho. Angliyalik vinger «Borussiya Dortmund»dagi o‘yinlari orqali Yevropaning eng iqtidorli yosh futbolchilaridan biri sifatida tanilgan. Keyin «Manchester Yunayted»ga katta transfer evaziga o‘tgan. U 2025/26 mavsumni «Aston Villa»da ijara asosida o‘tkazib, Yevropa Ligasida g‘olib chiqqanidan keyin «Manchester Yunayted» bilan shartnomasi yakunlandi.
Hujum markazida esa ushbu tarkibning eng katta yulduzi — Karim Benzema.
«Real» tarixidagi eng sermahsul futbolchilardan biri bo‘lgan fransuz hujumchisi Madrid klubi bilan besh marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan va 2022 yilda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.
Benzema 2023 yilda «Al-Ittihod»ga o‘tib, Saudiya Arabistonida faoliyatini davom ettirdi. 2026 yil fevral oyida esa «Al-Hilol» bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagan edi. Biroq 31 avgust kuni klub va futbolchi shartnomani o‘zaro kelishuv asosida bekor qilishdi. Shu tariqa 38 yoshli Benzema ham erkin agentlar ro‘yxatiga qo‘shildi.